Chirchiq davlat pedagogika universitetida O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilova tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan “Bahor keldi, seni, so‘roqlab” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari N.Normirzayeva, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari S.To‘xtayev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘lim rahbari R.Sheraliyev ishtirok etdi.
Unda Zulfiyaning she’rlaridan namunalar o‘qilib, talabalar ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
***
Qo‘shni davlatdan yurtimizga “Yallama” chegara bojxona post orqali fuqaro boshqaruvida kirib kelgan avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Bojxona ko‘rigi natijasida, avtotransport vositasi salonida yo‘lovchi bojxona hujjatlarida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va ruxsat beruvchi hujjatlari bo‘lmagan 2 dona “Hatsan” nomli 4,5 millimetr kalibrli pnevmatik miltiq va 500 dona o‘q borligi aniqlandi.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
***
Yangiyo‘l shahar tumanlararo perinatal markazida vazni 7 kilogramm 3 gramm bo‘lgan qiz bola chaqaloq dunyoga keldi. Uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Ona kesish orqali tug‘dirilgan, bu uning to‘rtinchi farzandidir.

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayevaning ma’lum qilishicha, hozirda ona va bola shifokorlar nazoratida. Bunday holat o‘tgan yilning noyabr oyida ham Nurafshonda kuzatilgan bo‘lib, sal kam 7 kilogrammlik vazndagi o‘g‘il bola chaqaloq tug‘ilgan edi.
***
Toshkent viloyat sudida hudud miqyosida faoliyat olib borayotgan davlat tashkilotlari va tijorat banklari xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga asosan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Nilufar Akbarova va fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining sudyasi Oybek Barakayev so‘zga chiqib, sud amaliyotida mehnat nizolarining sezilarli darajada oshgani, bu holat mehnat qonunchiligi talablari aksariyat holatlarda ish beruvchi tomonidan buzilishi oqibatida davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga sabab bo‘layotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, seminar qatnashchilariga sud amaliyotida mehnat nizolarini hal etish tartibiga oid tushuntirishlar berildi va qatnashchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan muloqot bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA