Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Chirchiq davlat pedagogika universitetida Toshkent viloyatining kadrlari zaxirasiga kiritilgan kontingent – tuman va shaharlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari uchun mo‘ljallangan maxsus o‘quv-seminari boshlandi.
Seminarning ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev qatnashib, ishtirokchilar faoliyatiga rivoj tiladi. Uch kun davom etadigan mazkur jarayonda kadrlarga boshqaruv texnikasi, davlat dasturlari ijrosi, bandlikni ta’minlash, migratsiya masalalari, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish singari 10 dan ortiq yo‘nalishlarda malakali professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchilar dars o‘tadi.

Shuningdek, turli madaniy dasturlar ham o‘tkazilishi reja qilingan. Seminar yakunida tinglovchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilimlar bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi va baholanadi.
***
Piskent tumani “O‘zbekiston” hududidagi dala maydonida Bog‘dorchilik, O‘simliklar karantini va himoyasi agentliklari hududiy bo‘limlari, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi fermer xo‘jaliklari mas’ullari ishtirokida seminar tashkil etildi.


Unda germaniyalik olimlar va agronomlar bilan hamkorlikda eksportbop ko‘chatlarni yetishtirish va zamonaviy intensiv bog‘larni barpo etish bo‘yicha kelishib olindi. Xorijlik mutaxassislar tomonidan hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib, intensiv bog‘lar hosildorligini ta’minlash borasida fikr almashildi.
***
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudida M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston tadqiqot universiteti Chirchiq filialining huquqshunoslik yo‘nalishi talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo va iqtisodiy sudlari sudyalari tomonidan sohada ish yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari, sudda ko‘riladigan arizalar, ularning sudlovga taalluqliligi, huquqiy ahamiyati va sud amaliyotidagi o‘rni haqida atroflicha tushuntirish berildi. Uchrashuvda sudda ko‘riladigan ishlardan xususan, da’vo, alohida, buyruq hamda soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan ishlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rilishi bo‘yicha sud amaliyotidan misollar keltirilgan holda qonunchilikning mazmuni talabalarga yetkazildi.

Mutaxassislar yoshlarning savollariga javob berdi. Sudyalar tomonidan Asosiy qomusimizning mazmun-mohiyati xususan, Konstitutsiyaning 130-139-moddalari alohida sharhlar bilan bo‘lajak huquqshunoslarga tushuntirildi.
***
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari ish yurituvida bo‘lgan nomulkiy turdagi hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 1 ming 565 ta ijro ishlari bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingan bo‘lsa, 1 ming 28 ta ijro hujjatlarining ijrosi amalda ta’minlandi. Bu bo‘yicha ijro harakatlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA