Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja bilan uchrashdi. Muloqotda viloyat hokimligi sohada turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berdi.

Xususan, Vengriya davlati bilan Toshkent viloyati o‘rtasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi. Suhbat davomida elchi sanoat tarmoqlarini kengaytirish, eksportni ko‘paytirish xususida o‘z takliflarini bildirdi. Kelgusida savdo-sanoat, farmatsevtika, ta’lim kabi yo‘nalishlarda Toshkent viloyatida qator loyihalarni amalga oshirish borasida kelishib olindi.
***
Bekobod tumanida sektor rahbarlari va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda 50 nafardan ortiq hudud yoshlari ishtirok etib, ular tomonidan ko‘plab muammo va takliflar bildirildi. Murojaatlarning qariyb 70 foizi ish bilan ta’minlash masalasini tashkil etgan bo‘lsa, qolganlari tomorqachilik, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalarni qamrab oldi.


Ishsiz yoshlarga subsidiya asosida 10 dona motokultivator va 8 dona tikuv mashinalari berildi. Ta’kidlash lozimki, joriy yil tumanda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga olingan 1 ming 206 nafar yoshga turli zaruriy yordamlar ko‘rsatildi. Shundan 353 nafarining oliygohda o‘qishi uchun kontrakt pullari to‘lab berildi.
***
“Chirchiq Texnoparki” hududida joylashgan “BCG GROUP OZ” kompaniyasi tomonidan maishiy kimyo va professional tozalash vositalarini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Mazkur loyihaga 5 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur loyiha doirasida 100 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Ayni paytda 40 dan ziyod mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan.
***
Joriy yilning 8 noyabridan nazoratdagi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda ishlab chiqarish binolari va faoliyatiga asoslangan bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish ishlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan reja-jadval asosida qilinmoqda.
Xususan, Qibray tumanining Yangiobod, G‘ofur G‘ulom, Beruniy, Shodlik, Iftixor mahallalari xatlovdan o‘tkazildi. 2025 yilda esa yana 23 ta mahallada shu kabi ishlar amalga oshiriladi.
A.Musayev,O‘zA