Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qibray tumanida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent viloyat hokimi sovrini uchun “Hokim kubogi” sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning barcha tuman-shaharlaridan 200 ga yaqin 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlar ishtirok etdi.
Tantanali tarzda tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Babajanov, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov hamda Yoshlar ishlari agentligi rahbari Nodir Hojiyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakunida g‘oliblar umumiy jamg‘armasi 100 million so‘m bo‘lgan pul mukofotlari, diplom va kuboklar bilan taqdirlandi.
***
Yoshlar ishtirokida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Chinoz tumani Markaziy o‘yingohi hamda Sport maktabi binosining atrofidagi maydonda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirokida 1 ming 200 tup daraxt ko‘chatlari ekildi.


– Loyiha doirasida ko‘chat ekish va uni parvarishlash qilishdagi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borish yuzasidan ham ma’lumotlar berildi. Viloyatimiz bo‘ylab yoshlar ishtirokida 100 ming tupdan ortiq nihol ekishni reja qilganmiz. Shuningdek, biz ushbu nihollarni parvarish qilishda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar faoliyat olib borgan nuroniylarning tavsiyalariga suyanib, ular bilan doimiy ravishda fikr almashib borishni reja qilganmiz, – deydi Toshkent viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev.
***

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona post orqali qo‘shni mamlakatdan yurtimizga kirib kelayotgan fuqaro xatti-harakatlari bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi. O‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik natijasida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda deklaratsiyalanmagan, fuqaro o‘z tanasining oyoq qismlariga oldindan yashirib olgan 199 dona “Anaferon” nomli dori vositalari borligi fosh etildi. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
***

Ohangaron tuman hokimi Doniyor Madirimov Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida tumanda “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishini ma’lum qildi. Loyihaga ko‘ra, ushbu massiv Ohangaron tumanining “O‘zbekiston” MFY hududidagi 36 gektar yer maydonida bunyod etiladi. 2026-2029 yillarda qurilishi mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivida 30 ta 7 qavatli (1-qavati noturar), 51 ta 9 qavatli jami 3 ming 784 xonadonli turar joy binolari qad rostlaydi. Shuningdek, massivda 1500 o‘rinli umumta’lim maktabi, 1500 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy shifokorlik punkti, biznes markaz, mehmonxona, kongress zali, park ob’ektlari quriladi.
A.Musayev, O‘zA