Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan viloyatda tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta’lim, adabiyot va boshqa sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh faollar davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Ularga mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev kirish so‘zi bilan ochdi va mukofotlanganlarni xalqimiz va davlatimiz rahbariyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. Ular orasida Quyi Chirchiq tumani “Madaniyat” mahallaci yoshlar yetakchisi Muhammad Yusifboyev ham bor. U “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
– Prezidentimizning bunday yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lganimdan juda xursandman, – deydi Muhammadjon. – Bu mukofot menga kelgusidagi ishlarim uchun katta mas’uliyat yuklaydi. O‘tgan vaqt davomida viloyatimizdagi yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu jarayonda yoshlar yetakchilari amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarning ham o‘z o‘rni bor.

***
Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Piskent bo‘limining yangidan bunyod etilgan binosi ochildi. Unda Davlat kadastrlari palatasi raisi, Toshkent viloyati Kadastr boshqarmasi rahbarlari, Piskent tumani hokimligi va tashkilotlar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari hamda mahalla nuroniylari qatnashdi.
Ramziy lenta kesilgach ishtirokchilar bo‘limda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, marosim davomida boshqarma rahbariyati tomonidan soha rivoji yo‘lida uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar munosib taqdirlandi. Zamonaviy qurilish texnologiyasi asosida barpo etilgan ushbu bino Piskent tumani aholisi uchun sifatli xizmat qilishiga shubha yo‘q.



***
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bugungi kundagi eng asosiy vazifalardan biri sanaladi. Shu maqsadda Ohangaron tumani hokimi Erkin Muhiddinov boshchiligida 1-sektorda 186 nafar xotin-qizga elektropechlar tarqatildi.
O‘zaro uchrashuv davomida tuman rahbari “Ayollar daftari” joriy etilganligining asosiy maqsadi ishsizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘maklar borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Reja bo‘yicha hudud bo‘yicha daftarning 2-toifasiga kiritilgan jami 544 nafar ayolga shu kabi ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi.


***
“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari joriy etilayotgan Bo‘ka tumanidagi Ezgulik mahallasida tantanali bayram shodiyonalari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat, tuman mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbir doirasida sport musobaqalari, aytish mumkinki, mazkur hududda qisqa vaqt ichida olib borilgan bunyodkorlik ishlari ko‘rsatib o‘tildi. Mahallaga 1 milliard so‘mdan ortiq Respublika va viloyat byudjeti mablag‘lari sarflanib, hudud infratuzilmasi yaxshilandi va aholining yashash tarzi o‘zgardi.

A.Musayev, O‘zA.