Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Piskent tumanida mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorning hududdagi ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
2022-2023 yillarda Piskent tumanida jami 1 ming 210 gektar unumdor maydon dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan. Ammo G‘ayrat, Do‘stlik, Fayzobod, Chimqo‘rg‘on, Oqtom mahallalarida ayrim lotlar suv ta’minoti muammoli maydonlardan auksion savdolariga chiqarilgan. Ayrim fermer xo‘jaliklarda ajratilgan maydonlarda esa shu vaqtgacha yer shudgorlanmagan yoki bo‘sh qoldirilgan.

Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun aniq vazifalar belgiladi va mas’ul rahbarlar biriktirildi.
*****
Xitoy tajribasini o‘rganish va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali kelishuvlarga erishish maqsadida Toshkent viloyati va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, viloyatning Urumchi shahrida ochilishi ko‘zda tutilgan vakolatxona faoliyati muvofiqlashtiriladi. Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik kengaytiriladi.
*****
Viloyat mirishkorlari bu yil paxtadan mo‘l va sifatli hosil yetishtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ya’ni, joriy yil hosili uchun 70 ming 161 gektar maydonga chigit ekilib, g‘o‘za parvarishi agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan doimiy monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ayni kunlarda 16 ming 311 gektar g‘o‘za maydoni shonalash davrida rivojlanmoqda. Bir kunda 4,6 foiz, mavsum boshidan 38 ming 841 gektar maydonda oziqlantirish ishlari olib borildi. Mavjud purkagichlar yordamida g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari ham bajarilib, mineral o‘g‘itlar bilan ham ishlov berishga alohida ahamiyat berilmoqda. G‘o‘za agrotexnikasiga 25 ming 200 nafar mavsumiy ishchilar jalb qilinib, chopiq ishlari davom etmoqda.
*****

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturining ijrosi doirasida hududlarda amaliy harakatlar boshlangan. Shu asosda amaliy monomarkazlar tashkil etilib, ishsizlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Yuqori Chirchiq tumani “Millatlar do‘stligi" madaniyat saroyida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida ham ana shu xayrli ishga alohida e’tibor qaratildi. Tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 82 tadbirkorlik sub’ektlari o‘zining ikki yuzga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Hozirgi paytda 350 nafardan ziyod doimiy ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar, daftarlardagi ayollar va yoshlar ishtirok etib, shulardan 131 nafari ish bilan ta’minlandi. 12 nafari qayta kasb-hunarga o‘qitishga jalb etildi.
A.Musayev,
O‘zA.