Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining M-39 yo‘nalishidagi Yangiyo‘l tumanidan o‘tuvchi qismi atrofida tashkil etilayotgan uzumzorlarni borib ko‘rdi.
Viloyat hokimi fermerlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari mazkur yo‘nalishda amalga oshirish zarur bo‘lgan vazifalarni tizimli amalga oshirish, shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hududlardagi muhitdan kelib chiqib olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Yo‘lning 822 kilometrdan 847 kilometrgacha bo‘lgan hududdagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining 130,4 gektar yer maydonlarida jami 173 ming 420 ta uzum ko‘chatlarini ekish va uzumzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirgacha 3 gektarlik maydonda 3 ming dona bozorbop, mayizbop, jumladan, «Kelin barmoq», «Sug‘diyona», «Qora kishmish», «Rizamat ota» va «Husayni» kabi eng yaxshi navli uzum ko‘chatlari ekilib, uzumzorlar tashkil etish ishlari davom etmoqda. Ko‘chatlarni ekish va ularni parvarishlash uchun Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidan malakali mutaxassislar jalb qilingan.
*****
Parkent tumani hokimi Shohrux Shoahmedov ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda 22 nafar fuqaroning muammosi tinglandi. 3 kishiga huquqiy tushuntirish berilib, 16 ta murojaat ijroga qaratildi. Qabulda mahalliy byudjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismining katta qismi aholi hayotini yaxshilashga sarflanishi aytildi. Aholi muammosi yuzasidan soha mas’ullariga talab juda qattiq qo‘yilib, odamlarni qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida bajarishga loqayd mutasaddilar lavozimidan ozod etilishi ta’kidlandi.

*****
«Sog‘lom ayol – buyuk kelajak» g‘oyasi bilan respublikada sportning Gimnastrada tyrini yanada rivojlantirish borasida «Mahalla» fondining Toshkent viloyat bo‘limi boshqaruvi tomonidan Nurafshon shahrida fondning ayol xodimlari o‘rtasida sportning voleybol, shaxmat-shashka turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yil yakuniga qadar fondning barcha xodimlari uchun sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sog‘lom turmush tarzini to‘g‘ri shakllantirish, oilalarda sportni yanada ommalashtirish maqsadida viloyat bo‘yicha 1 ming 500 nafardan ortiq ayollar sportga jalb qilindi. Ular orasidagi 300 nafar oila vakillariga fond tomonidan 5 million so‘mlik sovg‘alar ulashildi.

*****
Tovar-moddiy boyliklarni yurtimiz bojxona chegaralari orqali turli qing‘ir yo‘llar bilan olib kirish, davlat byudjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini aldov yo‘llari bilan to‘lamaslikka urinishlar bojxonachilar tomonidan o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro M.E.ning yuklari o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, yuklar orasida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 96 million so‘mlik jami 384 dona burg‘ilashda foydalaniladigan uskunaning ehtiyot qismlari borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev,O‘zA