Toshkent viloyati tumanlarida 10 tadan 7 qavatli zamonaviy uy-joylar quriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihasi bilan tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihasi bilan tanishdi.Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi Toshkent-Sirdaryo avtomobil yo‘li bo‘yida yangi turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari qurilishi mo‘ljallangan. Zangiota, Chinoz va Yangiyo‘l tumanlari hududidan o‘tuvchi yo‘l bo‘yida uy-joylar qurilishi va joylashuvi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Loyihalarda uy-joylarning joylashuv sxemasi, ko‘rinishi, dizayni o‘z aksini topgan.
Shu kungacha Toshkent viloyatining ma’muriy markazi yo‘q edi. Bugun bu ishga kirishmasak ertaga kech bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. To‘ytepa shahrini viloyatning markazi sifatida qayta qurish tadbirlari amalga oshirilayotgani, bu borada xorijdan arxitektorlar taklif qilinganini ta’kidladi.
Prezidentimiz loyiha bilan tanishar ekan, Toshkent-To‘ytepa yo‘li atrofida zamonaviy uy-joylar qurish, ijtimoiy soha obyektlarini zamon talablari darajasida barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bugun To‘ytepa katta qurilish maydoniga aylangan. Toshkent viloyatining ma’muriy markaziga aylangan shaharda keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. To‘ytepa shahrining bosh rejasi taqdimoti ham o‘tkazildi. Reja bo‘yicha uy-joylar, ma’muriy bino va inshootlar qurilishida binolarning tashqi ko‘rinishi va dizayniga alohida e’tibor qaratilgan.
To‘ytepa shahrida joylashgan Toshkent viloyati hokimligi binosida Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.