Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilinmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday yirik loyihalarda temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini ta’kidladi.
Mutasaddilarga ushbu maydonlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, bir oyda temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha geologiya dasturini kiritish topshirildi.
Hudud rahbarlariga mazkur ishlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng hokimlar metall mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni boshlagani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.
O‘zA