Toshkent viloyati jamoasi “Shunqorlar” musobaqasining g‘olibi
Yoshlarni yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirish maqsadida “Chirchiq” dala o‘quv maydonida “Yoshlar oyligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichi o‘tkazildi.
“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning 17-22 yoshli 140 nafar navqiron avlod vakillaridan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta guruhdan iborat mashqlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”, “Saf qo‘shig‘i” va “Biz – bir jamoamiz!” ko‘rik-tanlovlarida, “Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta yo‘nalishida o‘zaro raqobatlashdi.
Shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichida Toshkent viloyati jamoasining qo‘li baland kelib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘rin Navoiy viloyati, 3-o‘rin esa Andijon viloyati jamoalariga nasib etdi. Faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur harbiy-sport o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov yoshlarning turli kasb-hunarlarni egallashlari hamda sportning texnik va amaliy turlari bilan shug‘ullanishlari uchun davlatimiz tomonidan zarur sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA