Toshkent viloyati: eng munosiblar saylanadi
Mamlakatimizda muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi boshlandi.
Toshkent viloyatida mazkur saylovda 1 ming 20 ta mahallada rais saylanadi. Joylarda saylovlar 16 maydan 10 iyunga qadar hududlar kesimida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” gi qonuni talablaridan kelib chiqqan holda ishlar tashkil etilmoqda. Asosiy e’tibor, joylarda saylovni o‘tkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, saylov o‘tkaziladigan joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini samarali tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va karantin qoidalariga rioya qilinishidir. Bu jarayonga mas’ul sifatida tashkil etilgan komissiya muntazam faoliyat olib boradigan viloyat shtabini tashkil etilgan.

Bugun erta tongdan Piskent tumani 1-sektor hududidagi Fayzobod mahallasida ham fuqarolar yig‘ini raisi saylovi uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Fuqarolar o‘z mahallasi kelajagiga daxldorlik hissi bilan faol ishtirok etmoqda.
Saylov davlat madhiyasi bilan boshlandi. So‘ngra ishchi guruh mas’ullari huquqiy demokratik jamiyat qurishda saylovning ahamiyati to‘g‘risida so‘zladi. Raislikka nomzodlar o‘z saylovoldi dasturlarini taqdim etgach, fuqarolar o‘zlari uchun eng maqbul nomzodga ovoz berdi.
Zangiota tumanidagi "Mevazor" mahallasida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Madaniyat bo‘limi xodimlarining qo‘shiq va raqslari esa Fayzobod mahallasi hayotidagi muhim voqeaning yanada fayzli o‘tishini ta’minladi. Unda jami 46 ta ko‘chadan 290 nafar vakil ishtirok etishi kutilgan bo‘lib, ularning 236 nafari saylovda qatnashdi. Avvalgi saylovlardan farqli ravishda mahallalardagi bu galgi saylov yopiq ovoz berish orqali o‘tib, fuqarolarning emin-erkin o‘z tanlovini amalga oshirishga imkoniyati kengaytirildi. Saylov uchastkasida buning uchun barcha sharoit yaratildi.

Saylovlar belgilangan grafik asosida barcha hududlarda davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA