Toshkent viloyati ayollariga ehtirom ko‘rsatildi
Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Bayram kechasiga jamiyat hayotidagi turli sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tashabbuskor va faol xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar, shuningdek, Mo‘ynoq tumanidan taklif etilgan onaxonlar ishtirok etdi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev so‘z olib, munis ayollarni, latofatli qizlarni nafosatli bayram bilan samimiy tabrikladi. Oila, jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelganini alohida ta’kidladi.

Prezidentimizning 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori viloyatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Qarorda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini himoyalash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar belgilandi. Shunga asosan o‘tgan yilda kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj 180 nafar nogiron hamda yolg‘iz onalar va boquvchisini yo‘qotgan ayollarga arzon uy-joy ajratish bo‘yicha shartnomalar imzolanib, boshlang‘ich to‘lovlar uchun 3 milliard 114 million 600 ming so‘m mablag‘ ajratildi. 10 ming 763 nafardan ziyod tadbirkor ayollarga 264 milliard 893 million so‘m kredit mablag‘lari berildi.

Shuningdek, og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, 32 ming 737 nafar ayollarning bandligi ta’minlandi. Qayd etilganidek, hozir Toshkent viloyatida 2 million 992 ming 379 kishi yashayotgan bo‘lsa, ularning 1 million 493 ming 951 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Hudud ayollari bugungi kunda turli sohalarda, jumladan, rahbarlik lavozimida 3 ming 865 ta, tadbirkorlik sohasida 7 ming 446 ta, mahalla raisi lavozimida 178 ta prokuratura sohasida 14 ta, sud idoralarida 51ta, ichki ishlar tizimida 126 ta, tibbiyot sohasida 48 mingta, qishloq xo‘jaligi sohasida 22 ming, davlat idoralarining turli yo‘nalishlarida 27 ming, ta’lim sohasida 30 ming nafardan ortiq xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda.

Ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning 21 nafari fan doktori, 47 nafari falsafa doktori, 24 nafari professor, 43 nafari dotsent ilmiy unvonlariga ega. Bundan tashqari siyosiy jarayonlarda faol bo‘lgan ayollarimizdan 6 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafari Senator, 160 nafari Mahalliy Kengashlarning deputatlari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbirda faoliyatida tashabbuskorligi, intiluvchanligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh faol xotin-qizlarga "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni topshirildi.

A.Musayev, O‘zA.