Kino san’ati - bu inson tafakkuri, his-tuyg‘usi va hayotiy voqelikni tasviriy ifoda etishning eng ta’sirchan vositalaridan biri. U nafaqat ko‘ngilochar soha, balki xalqlar o‘rtasida madaniy muloqot, hamjihatlik va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtiruvchi kuchli madaniy ko‘prik sifatida ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, kinofestivallarning o‘tkazilishi nafaqat yangi filmlarni namoyish etish imkonini yaratadi, balki mamlakatlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Joriy yilning 7-9 noyabr kunlari Toshkentda va 12 noyabr kuni Termizda bo‘lib o‘tadigan X Yevropa kinofestivali ham shunday muhim madaniy voqealardan biri hisoblanadi. Festival Yevropa va O‘zbekistonni kino tili orqali yanada yaqinlashtirishni maqsad qilgan.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati rahbari Malika Musayevaning ma’lum qilishicha, ushbu yil festival o‘zining 10 yilligini nishonlamoqda. Bu, o‘z navbatida, Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy muloqotning izchil rivojlanayotganidan dalolat.
–Dasturga 12 ta Yevropa davlatidan tanlangan filmlar kiritilgan bo‘lib, ular orasida lirik dramalar, inson o‘zligini anglash haqidagi ilhomlantiruvchi hayotiy hikoyalar, tuyg‘ular va tanlovlar aks etgan asarlar o‘rin olgan. Shuningdek, ispan raqsi san’ati ixlosmandlari uchun Ispaniyaning mashhur “Aire Nuevo Danza” guruhi tomonidan klassik va zamonaviy raqslardan iborat yorqin sahna ko‘rsatuvlari namoyish etiladi. Bundan tashqari, Fransiya Alyansi tashabbusi bilan Gyote instituti va O‘zbekiston Kino ixlosmandlari uyushmasi hamkorligida “Avlodlar” mavzusida havaskor qisqa metrajli filmlar namoyishlari o‘tkaziladi. Bu orqali yosh iste’dodlarga o‘z ijodini keng jamoatchilikka taqdim etish imkoniyati yaratiladi. Festival Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi tomonidan va O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari hamda Kinematografiya agentligi ko‘magida tashkil etilmoqda, – dedi M.Musayeva.
Festival doirasida barcha namoyishlar bepul bo‘lib, filmlar original tilda, o‘zbek va rus tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi. Bu esa tomoshabinlarga Yevropa kino san’atining go‘zalligi va mazmun terenligini asl ko‘rinishida his qilish imkonini beradi.
Ta’kidlash kerakki, kinofestival nafaqat ekrandagi voqea, balki qalbdagi tuyg‘ular, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning ramzidir.
Shu ma’noda, X Yevropa kinofestivali O‘zbekistonda Yevropa madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi va yangi ijodiy hamkorliklar uchun keng yo‘l ochadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA