Toshkent tumanida "Besh tashabbus olimpiadasi"ga start berildi
Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi, Toshkent tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman sport maktabi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda 200 nafardan ortiq sportchi o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi.

Tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari Ibrohim Saidkarimov hamda sport maktabi direktori Dilshod Mansurovlar mazkur bellashuvlar boshlanishi bilan barchani qutlab, ishtirokchilarga omad tiladi. Shundan so‘ng sport maktabi tarbiyalanuvchilari hamda tumandagi "Fayzobod" mahallasining yoshlari ishtirokida "Quvnoq startlar", stol tennisi, gimnastrada, yengil atletika, mini futbol, shashka bo‘yicha o‘zaro bellashuvlar tashkil etildi.

Sport maktabining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Fayzulla Hikmatovning ta’kidlashicha, tumandagi 68 ta MFYda belgilangan dastur-rejaga ko‘ra, musobaqaning birinchi bosqichiga start beriladi.

Ma’lumot uchun, aprel, may, iyun oylarida "Yoshlar raqs festivali" tanlovi, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirishga qaratilgan gimnastrada, quvnoq startlar, yengil atletika, mini-futbol, stol tennisi, shashka, futbol, strbitbol, vorkout bo‘yicha respublika sport musobaqalari "Yoshlar kubogi" kibersport musobaqalari hamda ilk marotaba yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik, hunarmandchilik tanlovlari o‘tkaziladi.
A.Musayev,O‘zA.