Toshkent teleminorasi qurib, foydalanishga topshirilganiga 40 yil to‘ldi. 1985 yilning 15 yanvar kuni ishga tushirilgan ushbu inshoot 6 yil davomida qurilib, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning muhim ramzlaridan biriga aylangan.
375 metrlik balandligi bilan Toshkent teleminorasi Markaziy Osiyodagi eng baland, MDH davlatlari orasida esa ikkinchi o‘rinda turadi. Minoraga chiqish uchun Shveysariyaning uchta “Schindler” lifti o‘rnatilgan bo‘lib, ularning tezligi soniyasiga 4,8 metrni tashkil etadi.
1971 yilning 1 sentyabrida O‘zbekiston Aloqa vazirligi tasarrufida Toshkent radiotelevizion uzatish markazi qurilish direksiyasi tashkil etildi. Shundan so‘ng, qisqa muddatda yangi teleminora loyihasi ishlab chiqila boshlandi. Loyihani tayyorlashga sinchkovlik bilan yondashilib, bir necha bor qayta-qayta o‘rganildi va sinovlardan o‘tkazildi. Sababi, bunday balandlikdagi inshoot qurilishi hali tajribada bo‘lmagan edi. 1978 yilda teleminora qurilishi rasman boshlangan.
Toshkent teleminorasi nafaqat telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, balki mamlakatimizning sayyohlik markazlaridan biri sifatida ham ahamiyatga ega. Kuzatish maydonchalari, restoranlari va zamonaviy infratuzilmasi har yili minglab sayyohlarni o‘zining hayratomuz manzaralari bilan jalb etadi.
N.Rahmonova,
O‘zA