bugungi kunda mamlakatimizda 120 ta shahar va 1080 ta shaharcha mavjud. Mazkur shaharlar 98 foizining bosh rejalari ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari qishloq joylaridagi aholi punktlarining 30 foizi me’moriy rejalashtirish loyihalari bilan ta’minlagan.
bugungi kunda mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha uch yillik dasturi asosida 214 ta mahalla bosh rejasi takomiliga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich joriy yilda yana ortadi. Gap shundaki, 108 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari bosh rejalari shu yilning oxiriga qadar yakuniga yetkaziladi. Bu jarayonlarda, albatta jamoatchilik fikri o‘rganiladi va inobatga olinadi.

Ammo bugungi global iqtisodiy, ijtimoiy sharoit, jahon qurilish industriyasining tobora taraqqiy etib borishi, oldimizga yana ko‘plab vazifalarni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Talab va ehtiyojlar ortib borayotgani, urbanizatsiya jarayonlarining rivojlanishi, aholi uchun qulay bo‘lgan shahar infratuzilmasini yanada yaxshilash vazifalarini kun tartibiga olib chiqmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda bugun nafaqat mahalliy mutaxassislar balki, xorijiy ekspertlar, urbanist va arxitektorlarning ish tajribasidan foydalangan holda, bevosita ularni taklif qilib, hamkorlikda loyihalar va rejalashtirish ishlari olib borilyapti. Masalan, Turkiya bilan hamkorlikda “Hayot laboratoriya”si tashkil etilib, unda zamonaviy dasturlar bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilmoqda, geoaxborot tizimi asosida kadrlarning malaka va ko‘nikmasi oshirilmoqda. Jumladan, Yangi Toshkent, Yangi Namangan va Yangi Olmaliq shaharlarining shaharsozlik hujjatlari ayni kunlarda takomiliga yetkazilyapti.
bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Koreya korporatsiyasi tomonidan Toshkent shahrining Bektemir tumanida “SMART CITY”, ya’ni aqlli shahar tashkil etish bo‘yicha master reja ishlab chiqildi. Shuningdek, Qozog‘istonning “ALMATYGENPLAN” hamda Turkiston viloyatining Shaharsozlik va arxitektura boshqarmalari bilan tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimizning 2017 yil 2 maydagi “Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan 26 ta mintaqaviy yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari 20 mingdan kam bo‘lgan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Bu boradagi ishlar Qurilish vazirligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
– Poytaxtni megapolis qiyofasiga keltirish uchun zamonaviy arxitektura va ilg‘or innovatsion yechimlarni amalda qo‘llash muhim, – deydi Qurilish vaziri o‘rinbosari Jalol Arashov. –. Shu ma’noda, “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Toshkent shahrining bosh rejasini tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Hozirda 2041 yilga mo‘ljallangan Toshkent shahar bosh rejasi asosida ishlar amalga oshirilyapti. Bu borada Gollandiya, Turkiyadan mutaxassislar jalb etilgan. Poytaxt qurilishida infratuzilma, transport, logistika, yashil hududlar, bino va inshootlar joylashuvida shaharsozlik normalari, bunda rivojlangan davlatlar tajribasi kabi turli xil qarashlar ilmiy asosda amaliyotga integratsiya qilinmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shahar, shaharchalar va qishloq (ovullar) MFY aholi punktlarining bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlari uchun 200 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Bu mablag‘ni 28 ta shahar va shaharcha, 108 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, jami 31 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarining qurilish loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish maqsad qilingan.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda respublika aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari, ijtimoiy-maishiy, yo‘l va transport ob’ektlari, shuningdek, muhandislik infratuzilmasi bilan ta’minlanganligi xatlovdan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur loyihasi tayyorlandi hamda avval ishlab chiqilgan 17 ta Toshkent shahrining bosh rejasiga tuzatish kiritish, 292 ta shaharchalarning bosh rejalarini ishlab chiqish, 649 ta qishloq aholi punktlarining bosh rejalari va rejalashtirish loyihalarini tayyorlash dasturga kiritildi.
Qurilish vazirligi mas’ullarining ma’lum qilishicha, qisqa davrda shaharlarni 100 foiz, shaharchalarni 48 foiz, qishloq aholi punktlarini esa 40 foiz shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2018-2022 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jami 1944 ta mahallaning bosh reja sxemalari ishlab chiqildi va bu chora-tadbirlar bugun ham tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA