Toshkent shahrida xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etiladi
Joriy yilning 24-aprel kuni Milliy matbuot markazida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini tashkil etish masalalari yuzasidan ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, 2026/2027 o‘quv yilida qator yangi ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Qashqadaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etilib, ularga 5–10-sinflarga o‘quvchilar qabul qilinadi.
Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu ta’lim muassasasiga maktabgacha tayyorlov guruhi hamda 1–7-sinflarga o‘quvchilar qabul qilinadi. Bundan tashqari, hududlarda bosqichma-bosqich muhandislik maktablari tashkil etilib, ularga 7–10-sinflarga qabul amalga oshiriladi.

Mirzacho‘l, Romitan, Toyloq, Xovos, So‘x hamda Toshkent tumanlarida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilib, aniq fanlar yo‘nalishiga 5–10-sinflar, tabiiy fanlar yo‘nalishiga esa 7–10-sinflarga qabul qilinadi.
“Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dastur doirasida respublika bo‘ylab 9-sinf bitiruvchilari orasidan 1500 nafar o‘quvchi saralab olinadi.
Ma’lum qilinishicha, 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-maydagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida tashkil etiladi. Hujjatlarni qabul qilish joriy yilning may–iyun oylarida, kirish imtihonlari esa iyun–iyul oylarida o‘tkaziladi. Joriy yilda qabul jarayonlari avvalgi yillarga nisbatan erta muddatlarda tashkil etiladi.

Imtihonlar respublika bo‘ylab 94 ta pavilonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ularni ikki smenada tashkil etish imkonini beradi.
Shu bilan birga, ta’lim muassasalari sonining ortishi o‘quvchilar qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Hujjatlar to‘liq onlayn shaklda my.gov.uz hamda ariza.piima.uz platformalari orqali qabul qilinadi. Ariza topshirish jarayoni maksimal darajada soddalashtirilib, uch bosqich orqali amalga oshiriladi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida barcha hududlarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ariza topshirish jarayoniga ko‘maklashuvchi shtablar tashkil etiladi.
Oferta shartlarida qabul jarayoniga oid barcha zarur ma’lumotlar aks etgan. Shu bois, mutasaddilar hujjat topshirish jarayonida mazkur shartlar bilan to‘liq tanishib chiqishni tavsiya etmoqda.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA