Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilchilari may oyida uy-joy bozorida faol o‘sish kuzatilganini qayd etdi. Oy davomida sotuvlar 26,6 foizga, Toshkent shahrida kvartiralarni ijaraga olish narxi 0,9 foizga, ikkilamchi uy-joylar esa 2,5 foizga ko‘tarildi.
May oyida ko‘chmas mulk bozori faollikning oshishi bilan ajralib turdi. Agar aprel oyida oldi-sotdi bitimlari soni 20,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, oy davomida sotuvlar 26 foizdan va bitimlar 25 mingtadan oshdi.
O‘tgan yilning may oyiga nisbatan uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan bitimlari soni 28,5 foizga oshdi. Tumanlar kesimida ijaraning 1 kvadrat metri uchun eng yuqori narxlari poytaxtning Shayxontohur (11,5 dollar), Yakkasaroy (11,3 dollar) va Mirobod (11,8 dollar) tumanlarida qayd etildi.
O‘tgan yilning may oyiga nisbatan Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi 8 foizga qimmatlashdi. Yil boshidan beri o‘rtacha ijara narxi 12,1 foizga kamaydi.
O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘sish sur’ati tezlashdi. Agar aprel oyida 1 kvadrat metr uchun uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi 1,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, may oyida "ikkilamchi uy-joy" narxi 2,5 foizga ko‘tarildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan poytaxtda ikkilamchi ko‘chmas mulk uchun o‘rtacha narxlar 27 foizdan oshdi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA