Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining sharhida qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida ko‘chmas mulk savdosi 17 foizga kamaydi, oldi-sotdi bitimlari soni bir oy oldingi 28 mingtaga nisbatan 23 mingtani tashkil etdi.
Eng yuqori pasayish Navoiy viloyatida – 32 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 24 foiz va Toshkent shahrida – 24 foiz qayd etildi. Ko‘chmas mulk bozorida o‘rtacha faollikni saqlab qolgan hududlar Samarqand viloyati bo‘lib, bu yerda oy davomida sotuvlar 7,4 foizga oshdi.
Mutaxassisning qayd etishicha, ko‘chmas mulk bozorida sotishning pasayishi indikativ emas va mavsumiydir. Yanvar-sentyabr oylarida respublikada ko‘chmas mulkni sotish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,4 foizga o‘sdi, bu atigi 324 ta bitimga ko‘pdir. Hududlar kesimida yil davomida sotuvlar Samarqand viloyatida 52 foizga, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida 30 va 29 foizga o‘sdi. Joriy yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, uy-joy sotuvi 9 foizga o‘sib, 76 mingdan oshdi. Qizig‘i shundaki, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning qariyb 50 foizi Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Sentyabr oyida Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi avgust oyidagi 8,9 dollarga nisbatan 2,2 foizga oshib, 1 kvadrat metr uchun 9,1 dollarni tashkil etdi. Uy-joy ijarasi uchun eng yuqori narxlar poytaxtning Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida, eng past ko‘rsatkichlar Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, ijara narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari poytaxtning Sergeli va Olmazor tumanlarida mos ravishda 6,5 foiz va 6,4 foizga hamda Bektimir tumanida 5 foizga oshgani qayd etildi. Bir oy ichida Mirobod, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ijara narxi 1,6 foizdan 3,5 foizgacha arzonlashdi. Shayxontohur tumanida ijara narxi o‘zgarishsiz qoldi.
O‘tgan yilga nisbatan Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi 1,1 foizga oshdi. Yil boshidan buyon o‘rtacha ijara narxi deyarli 11,2 foizga kamaydi. Sentyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi bir kvadrat metr uchun 2,9 foizga, o‘tgan yilning sentyabr oyidan buyon uy-joy narxi 22,3 foizga oshdi. O‘tgan yilning sentyabr oyidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Navoiy – 33,7 foiz, Toshkent viloyatlarida– 30,5 foiz va Toshkent shahrida – 29,1 foiz qayd etildi.
Toshkent shahrida sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy narxi 1,3 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. O‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan poytaxtda o‘rtacha uy-joy narxi 29,1 foizga oshdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA