Suv – hayot manbai, muqobili yo‘q yagona neʼmat. Sir emas, keyingi yillarda dunyo miqyosida toza ichimlik suvi bilan bog‘liq masalaga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Toshkent shahri aholisi, tashkilot hamda korxonalarni uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash, oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan 2024 yilda 7 ta inshootda 701 million m3 ichimlik suvi tozalanib, 3 ming 987 kilometrdan ortiq tarmoqlar orqali 771 mingdan ziyod isteʼmolchiga xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, 2815 kilometrli tarmoqlar orqali 522 million m3 oqova (kanalizatsiya) suvlari Salar, Bo‘zsuv va Bektemir inshootlariga qabul qilinib, meʼyor darajasida tozalangan.
Bu haqida “Toshkent shahar suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan “Toshkent shahar suv taʼminoti” AJ: bugun va ertaga” mavzusidagi matbuot anjumanida maʼlumot berildi. Tadbirda jamiyat tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yilda bajarilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama etildi. Unda jamiyat rahbariyati, soha mutasaddilari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish dasturi doirasida 51,3 kilometrdan ziyod eskirgan suv tarmoqlari kapital taʼmirlangan. 84 ta suv olish gidrantlari o‘rnatilib, 198 ta nosoz yopqichlar yangisiga almashtirilgan. 0.8 kilometr oqava suv tarmoqlari kapital taʼmirlangan. Ichimlik suv tarmog‘ida 10 ming 904 ta hamda oqova suv tarmog‘ida 10 ming 441 ta nosozlik bartaraf etilgan. Bundan tashqari, 63 ta energiya tejamkor nasos agregati o‘rnatilib, 59 tasi joriy taʼmirlangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 38 ming aholiga ichimlik suvi yetkazib berish darajasi yaxshilangan.
[gallery-21524]
Jamiyatda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, sohaga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbasidan samarali foydalanishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, sinov tariqasida tashkilot bosh binosiga 1 milliard 137 million mablag‘ hisobiga 100 kVtli, ichimlik va oqava suv inshootlari binolariga 6 milliard 499 million so‘m hisobiga 1250 kVtli quyosh fotoelektr panellari o‘rnatildi. Natijada yiliga 1 million 80 ming kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilingan.
– Joriy yilning yanvar holatiga ko‘ra, poytaxt aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 98.3 foizni, oqava suv xizmatlari bilan taʼminlanish darajasi 94 foizni tashkil etmoqda, – deydi “Toshkent shahar suv taʼminoti” AJ direktori Abduqodir Alimov. – 2025 yilda ushbu ko‘rsatkichni yana-da oshirish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Xususan, Yangihayot tumanidagi 6 ta mahallada 46.9 kilometr ichimlik suv tarmoqlari quriladi. Bu 15 ming aholini markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlash imkonini beradi. Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga qo‘shilgan 23 ta mahallada Osiyo tiklanish va taraqqiyot bankining 240 milliard so‘m mablag‘i evaziga 132 kilometr ichimlik va 49 kilometr oqava suv tarmoqlari quriladi. Buning natijasida 45 mingdan ziyod aholiga markazlashgan ichimlik va oqava suv yetkazish xizmatlari ko‘rsatiladi. Yunusobod tumanidagi 5 ta mahallada 10.7 milliard so‘m mablag‘ evaziga 11 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan.
A.Alimovning taʼkidlashicha, Fransiyaning “SUEZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Dastlabki bosqichda isteʼmolchilarga qiymati 24.5 milliard so‘mlik 50 ming dona smart suv hisoblagich o‘rnatiladi. Bunday suv hisoblagichlar loyiha bo‘yicha 673 mingta o‘rnatiladi. Bu ishlar 2031 yilda yakunlanadi. Natijada, isteʼmol qilinayotgan suv hajmining real holati onlayn monitoring qilinib, debitor qarzdorlik kamayishiga erishiladi. Shu bilan birga, Toshkent shahriga suv tarmoqlarining kirish va chiqish nuqtalarida 65 ta yirik suv hisoblagich o‘rnatilib, ichimlik suv balansini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Bunda katta hajmdagi tarmoqlarda 39.4 million m3 ichimlik suvi yo‘qotilishining oldi olinadi. 2025 –2026 yillarda ichimlik suv taʼminotida nasos agregatlarini yangisiga almashtirish bo‘yicha “Grunfost” kompaniyasining kredit mablag‘lari jalb etiladi. Natijada yiliga 2.9 million kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Matbuot anjumanida mutasaddilar tomonidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob qaytarildi.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA