Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi turmush tarzini yaxshilash hamda ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi orqali aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda mahalla institutining roli, joylarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy soha vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi navbatdagi amaliy tadbir sifatida Toshkent shahri Yashnobod va Mirobod tumanlarida mahalla tizimi xodimlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Mazkur seminar Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Kambag‘allik reyestrini yuritish mas’ul xodimi B.Ro‘ziboyev, tuman hokimlari o‘rinbosarlari, mas’ul tashkilotlar rahbarlari hamda “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida o‘tkazildi.
Seminar davomida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining hududiy darajada ijrosini ta’minlashda mahalla a’zolarining o‘rni, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularni tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘quv ishtirokchilariga baholash jarayonlari, hamkorlik asosida amalga oshiriladigan ijtimoiy himoya choralarining mohiyati yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Tadbir yakunida “mahalla yettiligi” tomonidan berilgan savollarga javob berildi, yuzaga kelayotgan muammolarga yechim bo‘ladigan amaliy tavsiyalar bildirildi.
Ushbu seminar mahalla tizimi xodimlarining malakasini oshirish, ijtimoiy himoya bo‘yicha bilimlarini boyitishga xizmat qilgan muhim tashabbus bo‘ldi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA