Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi. Joriy yilning noyabr oyida ko‘chmas mulk savdosi 4 foizga oshdi. Bu avvalgi oyga nisbatan 800 ta uy-joyga ko‘proq. Oy davomida faollikning eng ko‘p o‘sishi Xorazm – 23 foiz, Namangan – 16 foiz va Jizzax viloyatlarida – 12 foiz qayd etildi.
Yil davomida uy-joy savdosi 10 foizga kamaydi. Faollikning eng ko‘p pasayishini ko‘rsatgan hududlar Navoiy va Jizzax viloyatlari bo‘lib, mos ravishda 23 foiz va 18 foizga pasaygan. Poytaxtda sotuvlar o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga kamaydi.
Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi oktyabr oyidagi 9,5 dollarga nisbatan 2,1 foizga pasaydi va 1 kv.m. uchun 9,3 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning 11 ta tumanidan 10 tasida ijara narxining pasayishi qayd etildi.
Ijara uchun eng qimmat hududlar Shayxontohur (kv.m. $11,6), Yakkasaroy ($10,9) va Mirobod ($11,5) tumanlari bo‘ldi. Poytaxtdagi uy-joy ijarasi Uchtepa ($8,1), Sergeli ($7,1) va Bektemir ($6.2) tumanlarida eng maqbul narxlarda qolmoqda. Shu bilan birga, poytaxtda o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 6,1 foizga, yil boshidan buyon ijaraning o‘rtacha narxi 9,2 foizga kamaydi.
Poytaxtda ijara narxi bir oy ichida faqat Bektemir tumanida 3,7 foizga oshdi. Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi bir kv.m. uchun 0,7 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning noyabr oyidan buyon ikkilamchi uy-joy narxi deyarli 18,2 foizga oshdi.
Yil davomida Xorazm viloyatida– 32,9 foiz, Toshkent viloyatida – 31 foiz va Buxoro viloyatida – 26,9 foiz ikkilamchi bozorda uy-joy narxining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Toshkent shahrida noyabr oyi davomida ikkilamchi uy-joy narxi 0,4 foizga oshdi. Poytaxtda narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Shayxontohur – 1,7 foiz, Yunusobod – 1,6 foiz va Sergeli – 1,5 foiz tumanlarida kuzatildi.
Yil davomida poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 22,8 foizga oshdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorini ko‘rib chiqish Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulkning bozorlaridagi faollik dinamikasini taqdim etadi. Ma’lumotlar hisobot oyi uchun ham, yil boshidan hisobot oyigacha bo‘lgan davr uchun ham taqdim etiladi. Bundan tashqari, bozor dinamikasini kuzatish uchun o‘tgan yilning shu davriga oid ma’lumotlar taqdim etiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA