Toshkent shahrida epidemiologik vaziyat qanday?
Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar 12 ming 214 nafarga yetdi. Bemorlarning 3 ming 864 nafari statsionar, 7 ming 214 nafari ambulator sharoitda davolanmoqda. Statsionarda davolanayotganlardan 3 ming 331 nafarining ahvoli qoniqarli, 357 nafari og‘ir, 176 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.
Poytaxtimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash va axborotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va tumanlarda hududiy shtablar tashkil etilgan.
157 ta mobil guruhlar faoliyati qayta tiklangan, 13 yanvardan tumanlarda 12 ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Uyda davolanayotgan bemorlar va karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat berish uchun onlayn poliklinika faoliyati yo‘lga quyilgan.
Toshkent shahridagi byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarida Ishchi guruhlar tomonidan xodimlarning koronavirusga qarshi emlanganligi bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda.
Jumladan, 22 yanvar kuni tadbirkorlik sub’ektlarida jami 102 ta tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruvlar chog‘ida 68 nafar xodim vaksina olmagani aniqlandi. Ularning barchasi tadbirkorlik sub’ektlari ishchilaridir. Ushbu vaksina olmagan xodimlar vaqtinchalik ishdan chetlatildi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya tomonidan Toshkent shahridagi bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlar, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar, sport majmualari, yirik savdo markazlari va jome’ masjidlarida fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahridagi markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalarda 83 ta emlash markazlari faoliyat olib bormoqda. 22 yanvar kuni ushbu punktlarda 19 ming 953 nafar fuqaro emlangan.
Mohigul Qosimova, O‘zA