Toshkent shahri shaxmatchilari g‘olib
Andijon shahridagi universal sport majmuasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda sportni, xususan, shaxmatni rivojlantirish, ommaviyligini oshirish, ayniqsa, yosh, iqtidorli shaxmatchilarning o‘z salohiyatlarini namoyish etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidladi.

Bir hafta davom etgan chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari tarkibida 840 nafar yosh shaxmatchi 6 ta yosh toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqalarining yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent shahri jamoasi faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Qashqadaryo viloyati, uchinchi o‘rin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi.

– Chempionat qiziqarli va yuqori saviyada tashkil etildi, – deydi Andijon viloyati shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Mavjudaxon Karimova. – Ayniqsa, chempionat davomida uyushtirilgan qiziqarli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Qolaversa, chempionat mamlakatimizda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida shaxmatni yanada rivojlantirish, targ‘ib etish, ommaviyligini oshirish, iqtidorli shaxmatchilarni aniqlash va rag‘batlantirishga xizmat qildi.

Chempionatning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, tegishli medal hamda ta’lim sayohati vaucherlari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.