Poytaxtimizda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 2024 yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, yer – strategik jihatdan eng muhim tabiiy resurslardan bo‘lib, yerlardan maqsadli va samarali foydalanishda qonuniylikni ta’minlash davlatning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi.
Bugungi kunda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari tomonidan yer munosabatlarini tartibga solish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash va bartaraf qilish borasida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilning 6 oyi davomida Toshkent shahri bo‘yicha aholi yashash manzillarida umumiy 1 ming 71 ta holatda (33,6 gektar) yer qonunbuzilishi aniqlangan.
Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda Yer qonunbuzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etishda samarali davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida Kadastr agentligi tomonidan “Ye-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan.
Mazkur dastur yordamida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, huquqbuzarliklarni bartaraf etish muddati qisqardi va idoralararo hujjat almashish tezkorligi oshirildi. Shuningdek, dastur mutaxassislarga yer holatini kosmik suratlar yordamida nazorat qilib borish, noqonuniy qurilish yoki qurilishdagi qonunbuzarliklarni erta aniqlash imkonini bermoqda.
Bugungi kunda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari Kadastr agentligi tomonidan taqdim qilingan davlat yer nazorati tadbirlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan 48 ta maxsus planshetlar bilan ta’minlangan.
Joriy yilning 1 mart sanasidan e’tiboran Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sinov tariqasida nazorat tadbirlarini planshetdan foydalanib, yer qonunbuzarlikni joyining o‘zida elektron rasmiylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Bugungacha barcha hujjatlashtirish ishlari qog‘ozda amalga oshirilib, ayrim hollarda bu ovoragarchilikka sabab bo‘lgan. Endilikda esa kadastr inspektorlari mazkur qurilma orqali yer qonunbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritib, elektron ko‘rinishda ma’muriy bayonnomani o‘sha joyning o‘zida rasmiylashtirish imkoni yaratildi.
Shuningdek, tadbirda yer munosabatlarini tartibga solish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash va bartaraf qilish maqsadida kuchaytirilgan tartibda olib borilayotgan nazorat tadbirlari, aholiga ko‘rsatilayotgan kadastr xizmatlari, kadastr sohasidagi raqamlashtirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA