Toshkent shahar hokimligi va AQSHning "Oppenheimer & Co." banki strategik hamkorlikni boshladi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamda AQSHning nufuzli "Oppenheimer & Co." investitsiya bankining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi bo‘yicha bosh ijrochi direktori Maks Lami o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Muloqot davomida Toshkentning xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlari, jumladan, munitsipal obligatsiyalar chiqarish istiqbollari, yirik infratuzilma va shaharsozlik loyihalariga investitsiyalar jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish, xalqaro moliyalashtirish vositalaridan samarali foydalanish, shahar moliyasini boshqarishda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladilar.

Qayd etilganidek, ushbu kelishuv xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan aloqalarni kengaytirish, Toshkentning investitsiyaviy salohiyatini mustahkamlash hamda istiqbolli shahar loyihalarini moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA