Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga ko‘taradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi pullik muqobil avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga ko‘taradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 barobargacha qaytadi.
Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3 foizga ko‘payishiga turtki beradi. Yo‘l o‘tadigan aholisi 2 milliondan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi.
Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm ob’ektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.
Davlatimiz rahbari Xiva – Urganch yo‘li qurilishi boshlangani, Toshkent – Andijon yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘laydigan yo‘lni loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.
– Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz, – dedi Prezidentimiz va kapsula qo‘yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.
O‘zA