Toshkent Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi konferensiyasi va Bosh assambleyasiga mezbonlik qiladi
Toshkent 2027-yilgi Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining nufuzli tadbirlariga ilk bor mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi (APC) 2027-yilgi konferensiya, taqdirlash marosimi va Bosh assambleyani o‘tkazish huquqi Toshkent shahriga berilganini ma’lum qildi. Shu tariqa, O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining mazkur muhim tadbirlariga mezbonlik qiladi.
Tadbir doirasida Osiyoning 45 ta Milliy Paralimpiya qo‘mitasi vakillari, shuningdek, APC Ijroiya kengashi a’zolari, a’zo qo‘mitalar, sportchilar, xalqaro federatsiyalar, musobaqalar tashkiliy qo‘mitalari hamda xalqaro sport tashkilotlari vakillarining Toshkentda jam bo‘lishi kutilmoqda.
Dasturdan Osiyoda Paralimpiya harakatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan taqdimotlar, muhokamalar va seminarlarni o‘z ichiga olgan konferensiya o‘rin olgan.
Shundan so‘ng, Bosh assambleya yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda APC a’zolari tashkiliy va strategik masalalar, shuningdek, mintaqada Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qiladi.
Toshkentda, shuningdek, Osiyo Paralimpiya harakatiga qo‘shilgan salmoqli hissa va erishilgan yutuqlarni e’tirof etishga qaratilgan taqdirlash marosimi ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbirlarning Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro Paralimpiya harakatidagi nufuzi va faol ishtiroki yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA