Toshkent – Osiyo chempionati mezboni
Ertaga 18 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasida regbi-7 bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga start beriladi.
Chempionat nizomiga ko‘ra, bahslarda Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston regbichi qizlari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston regbi federatsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, chempionatda ishtirok etadigan jamoalar, Osiyo regbi federatsiyasi vakillari, bir qator xorijiy mamlakatlarning regbi mutaxassislari Toshkentga yetib kelishgan.
Kecha Birlashgan Arab Amirligi va Hindiston jamoalarining qizlari “Jar” sport majmuasining zaxira maydonida chempionat oldidan ilk mashg‘ulotlarni o‘tkazishdi.

Bugun Osiyo chempionati oldidan O‘zbekiston regbi federatsiyasida xorijiy sport jamoalarining rahbarlari, murabbiylar, hakamlar va chempionatni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan bir qator mutaxassislar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qatnashgan O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev musobaqalarni o‘tkazish bilan bog‘liq jihatlar, xorijiy mehmonlarning joylashuvi, o‘yinlar o‘tadigan maydonning hozirligi kabi qator masalalar bo‘yicha mas’ullarning hisobotini tingladi. Tegishli tavsiyalar berildi.
Chempionatning tantanali ochilish marosmi ertaga 18 sentyabr kuni soat 11.00 da “Jar” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Chempionat dasturiga binoan ilk o‘yin O‘zbekiston-Qozog‘iston vakilalari o‘rtasida tashkil etiladi. Shuningdek, vakillarimiz 18 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston jamoalari bilan bahslashadi.
19 sentyabrda esa kunning birinchi yarmida saralash bahslari davom etsa, kunning ikkinchi yarmida yarim final va final bellashuvlari hamda Osiyo chempionatining g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarini taqdirlash marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA