Poytaxtimizda 14–18 may kunlari sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi” hamda 19–23 may kunlari suzish bo‘yicha I-Markaziy Osiyo chempionatiga start berildi. Ushbu yirik sport tadbirlari O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, "Uzbekistan Aquatics" federatsiyasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Musobaqalar oldidan 14 may kuni uning ishtirokchilari, murabbiylar hamda sportchilar bilan kelgan mehmonlar Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi “Istiqlol” stellasida gul qo‘yish marosimida ishtirok etishdi. Rossiya, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Belarus kabi o‘nlab davlatlardan kelgan dastlabki delegatsiya a’zolariga majmua yaratilishi tarixi, yurtimiz qahramonlari va tarixiy siymolari haqida batafsil ma’lumot berildi.
- Kasaba uyushmalari federatsiyasiga 120 yil to‘lganligi - bu tashkilot faoliyatidagi muhim voqea, - deydi O‘zbekiston Suzish federatsiyasining Andijon viloyat bo‘limi ijrochi direktori Natalya Mamarazzoqova.
– Bunday musobaqalar o‘tkazilmayotganiga ham ko‘p bo‘ldi. Hozirda dunyoning kuchli jamoalari yetib kelgan. Musobaqalar xalqaro darajada o‘tadi. G‘oliblikni qo‘lga kiritish oson bo‘lmaydi. Biz jamoamiz bilan yuksak natijalarga erishishga harakat qilamiz.
- Bizga O‘zbekiston juda yoqdi, - deydi Qozog‘iston delegatsiyasi vakili Alesiya To‘ribay. – Bizni juda yaxshi kutib oldilar. Mehmondo‘st va ko‘ngli ochiq xalqingiz barchamizda iliq taassurot qoldirdi. Sportchilarga yaratilgan sharoitlar ham tahsinga loyiq.
[gallery-23329]
Gul qo‘yish marosimidan so‘ng delegatsiya a’zolari musobaqalar oldidan tayyorgarlik mashqlarini o‘tash uchun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”ga yo‘l oldilar.
Hozirda 15 may kuni boshlanadigan musobaqalar va “Suv parisi” sinxron suzish bo‘yicha I Markaziy Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi oldidan majmuada katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Majmua haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, unda 50 metrli basseyn va 500 o‘rinli tomoshagoh shay holatga keltirildi.
Shuningdek, balandlikdan sakrash va sinxron suzish uchun basseyn, bolalar uchun kichik suv havzasi ham mavjud. Katta basseyn bir vaqtning o‘zida 100 nafar sportchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Majmuadagi barcha havzalar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan: avtomatik suv tozalash, filtrlash, haroratni barqaror saqlash tizimlari Ispaniyadan olib kelingan. Bundan tashqari, sport sharhlovchilari uchun maxsus jihozlangan xona, sportchilar uchun gimnastika va trenajyor zallari, tibbiy xizmat, kiyim almashtirish va dush xonalari mavjud.
Qisqacha aytganda, ushbu inshoot suv sportining barcha yo‘nalishlari uchun xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazishga imkon beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YkjuKUCsEkc" title="Toshkent nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Javohir Toshxo‘jayev, Sanjar Toshpo‘latov,
Almurod Mamadaminov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA