Muzeylar o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik, kelajak avlodga ajdodlar yaratgan madaniy-ma’rifiy boyliklarni yetkazib beruvchi va saqlovchi maskandir. Muzeylar o‘tmish bilan bugunni yuzlashtiruvchi tarixiy makon sifatida yosh avlod tafakkurini boyitishga, tarix zarvaraqlari haqida ma’lumot berish va tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi filiali bo‘lgan Toshkent muzeyi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent vohasi — qadimgi Choch, Shosh haqida ma’lumot beruvchi ob’ekt hisoblanadi. Muzeyda voha tarixining turli davrlariga oid arxeologik topilmalar, ashyo va buyumlar o‘rin olgan.

Bu yil Toshkent muzeyi tashkil topganiga 5 yil to‘ldi. Madaniy maskanning 5 yilligi hamda Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan madaniy-ma’naviy tadbir tashkil etildi.

— Toshkent muzeyi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining filiali sifatida tashkil etilgan, — deydi Toshkent muzeyi ilmiy xodimi Munira Nasriddinova. — Muzey 2020 yil 20 may kuni tantanali ravishda aholi va shahrimiz mehmonlari uchun ochildi. Ushbu ilmiy-ma’rifiy dargoh yoshlarimizning o‘zlari yashab turgan hudud tarixini chuqurroq o‘rganishida ilmiy-madaniy-ma’naviy markaz sifatida xizmat qilib kelmoqda. Bugungi kunda muzeyimizda 1 ming 100 ta artefaktlar mavjud. Ular har bir tashrif buyuruvchiga shahrimiz o‘tmishi, rivojlanish bosqichlari, aholi turmush tarzi haqida ma’lumot berishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, Toshkent muzeyi yosh bo‘lsa ham poytaxt shaharning 2200 yillik tarixini aholi, ayniqsa, yosh avlodga yetkazib kelayotgan zamonaviy ma’naviy-ma’rifiy maskandir. Bu yerda namoyishga qo‘yilgan ekspozitsiyalar tarix silsilalaridagi shahar hayotini, ijtimoiy-madaniy rivojlanish bosqichlarini o‘zida aks ettiradi.

Madaniy-ma’rifiy tadbir davomida Toshkent muzeyi tashkil topishi va faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazma ochildi. Tadbirning badiiy qismida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti va Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti xonandalari kuy-qo‘shiqlari bilan muzey jamoasi hamda tashrif buyuruvchilarga yanada bayramona kayfiyat ulashdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA