Toshkent musiqa muxlislarini chorlaydi
Poytaxtimizda “Toshkent klassik musiqa festivali” (“Classical music fest in Tashkent”) boshlandi.
Mazkur yirik musiqiy loyiha Yevropaning madaniyatni qo‘llab-quvvatlash fondi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
3 oktyabrga qadar davom etadigan ushbu musiqa festivali mamlakatimiz madaniy hayotida yangi tashabbus bo‘lib, unda jahonda nom qozongan o‘zbekistonlik musiqachi Behzod Abduraimov, shuningdek, Stanislav Yudenich, Maksim Vengerov, Mark Bushkov, Yekvon Sunvu kabi dunyoga mashhur musiqachilar qatnashadi.

–Bugungi globallashuv davrida o‘zbek musiqasini tobora ko‘proq targ‘ib etish, shuningdek, yurtimizda jahon klassik musiqasini rivojlantirishga hissa qo‘shish, xorijdagi taniqli ijrochilarning ijodidan mamlakatimiz san’at ixlosmandlarini bahramand etish ushbu festivalning asosiy maqsadi, – dedi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori Anvar Tojiboyev. – Ushbu festival san’atning haqiqiy ixlosmandlari, ayniqsa, yoshlar uchun katta ahamiyat kasb etadi.
–Festival doirasidagi konsertlar yoshlarimiz uchun o‘ziga xos mahorat darsi bo‘lishi shubhasiz, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston milliy simfonik orkestri bosh dirijyori Alibek Kabdurahmanov. – Biz mazkur festivalga uzoq tayyorgarlik ko‘rdik. Uni yuksak saviyada va baland ruhda o‘tkazishimizga astoydil ishonaman.
Festivalning ilk konserti “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida AQSHning Park universiteti Xalqaro musiqa markazi rezident ijrochisi Behzod Abduraimovning O‘zbekiston milliy simfonik orkestri bilan hamkorlikdagi katta konserti bilan boshlandi.
Notalarning goh mahzun, gohi jo‘shqin ohangi tomoshabinlarni sehrlab qo‘ygani, zavqlantirgani, hayratlantirgani aniq. Musiqiy dastur davomida Sulaymon Yudakovning “Xorazmcha bayram tantanasi”, Oydin Abdullayevaning “Bag‘ishlov”, shuningdek, Sergey Raxmaninov hamda Aleksey Shorning orkestr va fortepiano uchun yaratilgan betakror asarlari ijro etildi. Konsert san’at ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri