Toshkent metropoliteni 1977 yil 6 noyabrda o‘z faoliyatini boshlagan va shu kundan buyon har kuni tonggi soat 05:00 dan yo‘lovchilarga o‘z eshiklarini ochmoqda.
Mana shu davr mobaynida metropolitenning asosiy maqsadi yo‘lovchilarga xavfsiz hamda sifatli transport xizmatini ko‘rsatishdir.
Dastlab, 1 ta yo‘nalish va 9 ta bekatdan iborat bo‘lgan metropolitenda hozirgacha 4 ta yo‘nalish hamda 48 ta bekat barpo etildi.
Qayd etish joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 3 yil oldin 29 tani tashkil etgan bekatlar soni bugungi kunga kelib, 48 taga yetkazildi.
Umumiy metro yo‘li uzunligi esa 39 kmdan 67 kmga uzaytirildi. Bundan tashqari yana 2 ta metro bekati barpo etilishi bilan metro yo‘li uzunligi 70 kmdan oshirilishi rejalashtirilgan.
Bekatlar soni ortgani sari yo‘lovchilarning metroga bo‘lgan talablari ham ortib bormoqda.
Jumladan, o‘tgan vaqt mobaynida kuniga 250-280 ming nafar aholiga xizmat qilgan Toshkent metropoliteni hozirgi kunda 600 mingdan ziyod yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazmoqda.
Yo‘lovchilarga tez, qulay hamda sifatli xizmat ko‘rsatishda metro xodimlarining o‘rni alohida ahamiyatga ega. Bu borada raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, dastlabki yillarda xodimlarning soni salkam 1700 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu ko‘rsatgich 5600 dan oshdi.
Toshkent shahridagi eng qulay transport vositalaridan biriga aylanib ulgurgan, shaharsozlik normalari asosida barpo etilgan metro bu yil 46 yoshni qarshi oldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA