Toshkent kuz-qish mavsumiga tayyor
Aholi xavfsizligini ta’minlash, kommunal xizmatlar uzluksiz ishlashi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish — kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning asosiy vazifalaridir.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligida, barcha shahar va tuman tuzilmalarini jalb qilgan holda, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasini baholashga qaratilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarga Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Obid Mo‘minov va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Muxtidinov rahbarlik qildi. Mashg‘ulotlarda shahar mas’ul tashkilotlari va xizmatlari ishtirok etib, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, kommunal tarmoqlardagi nosozliklarni tezkor bartaraf etish hamda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga xizmatlarni uzluksiz ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarligini namoyish etdi.

O‘quv mashqlari davomida maxsus texnika va asbob-uskunalarning shayligi, moddiy-texnik zaxiralar holati hamda mas’ul xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik darajasi baholandi.
Qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulay ob-havo sharoitlarida tezkor va samarali ishlarni tashkil etish maqsadida quyidagi texnikalar shay holatga keltirilgan:

Jumladan, 53 ta ekskavator-yuklagach, 275 ta avariya-tiklash brigadasi, 54 ta avtokran, 56 ta samosval, 41 ta suv tortuvchi nasos, 452 ta boshqa turdagi maxsus texnikalar tayyorlandi.

Ko‘rik davomida texnikalarning sozligi, to‘liq jihozlangani va favqulodda vaziyatlarda uzluksiz ishlashga tayyorligi baholandi. Shuningdek, sovuq ob-havo sharoitida poytaxt bo‘ylab xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalar taqsimoti o‘rganildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA