Toshkent – jahon kinosi muloqot maydoniga aylandi
Toshkent kino san’ati ijodkorlari, prodyuserlar, aktyorlar, rejissyorlar va xalqaro media vakillari yig‘ilgan muloqot maydoniga aylandi. Poytaxtda 23–24-oktabr kunlari o‘tayotgan kino tadbirlari nafaqat san’at namoyandalarini birlashtirmoqda, balki milliy kino merosi, ijodiy an’analar va xalqaro hamkorlik haqidagi muhim uchrashuvlarga ham yo‘l ochmoqda.
Bu uchrashuvlarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular zamirida kinoning eng muhim qadriyatlaridan biri – insonni anglash, uning dardu quvonchlarini tasvirlash va turli madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtirish g‘oyasi mujassam.
23-oktabr kuni O‘zbekiston Xalqaro forumlar saroyida tadbirlarning birinchi kuni doirasida «Chaplin» mukofotiga bag‘ishlangan marosim va “The Hollywood Reporter” nashri ishtirokidagi dasturlar bo‘lib o‘tdi. Afsonaviy aktyor Charli Chaplinning nabirasi Kiara Chaplinning Toshkentga tashrifi esa uchrashuvlarga alohida mazmun bag‘ishladi.
Mazkur xalqaro madaniy loyiha doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, aktrisa, model va tadbirkor Kiara Chaplin hamda kino san’ati vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda kinoning jamiyat hayotidagi o‘rni, ijodiy merosni asrab-avaylash, milliy kino maktablarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va madaniy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
[gallery-32140]
Charli Chaplin ijodini dunyoga mashhur qilgan jihat faqat uning noyob aktyorlik mahorati emas. Uning filmlarida so‘zsiz ham anglashiladigan insonparvarlik, mehr-oqibat, adolat va odamiylik g‘oyalari bor. Shu bois uning nomi bilan bog‘liq mukofotning Toshkentda topshirilishi kino san’atining umuminsoniy qadriyatlarini yana bir bor yodga soladi.
– O‘zbekistonga kelish men uchun katta sharaf, – dedi Kiara Chaplin. – O‘zbekiston boy tarix, betakror madaniyat, san’at va go‘zal an’analarga ega mamlakat. Uning kinematografiya sohasida ham o‘z maktabi va an’analari bor. O‘zbek ijodkorlari filmlarida inson qadri muhim o‘rin tutadi. Bobom Charli Chaplinning filmlari ovozsiz bo‘lsa-da, ularda insonparvarlik, samimiyat va muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi g‘oyalar mujassam. Shu ma’noda, uning nomidagi mukofot O‘zbekistonda topshirilishida ham chuqur ma’no bor.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bunday xalqaro tadbirlar turli mamlakatlar va ijod maktablari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat sifatida baholadi.
– Kinematografiyaga oid bu tadbir turli mamlakatlar, ijod maktablari va san’at ahlini yagona muloqot maydoni atrofida birlashtirgani bilan diqqatga sazovor, – dedi Ozodbek Nazarbekov. – Tarixdan ma’lumki, Buyuk ipak yo‘li nafaqat savdo-sotiq, balki madaniy-ma’rifiy aloqalar, ilm-fan, san’at va madaniyat namunalarini tarqatish, ijodiy muloqotni kuchaytirishga ham xizmat qilgan. Bugungi tadbirlar ham ijodkorlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash imkonini berishi bilan ahamiyatli.
O‘zbekiston kino san’atining xalqaro muloqot maydonidagi ishtiroki haqida so‘z borganda, milliy kinematografiyaning boy tarixi va ijodiy an’analarini alohida ta’kidlash lozim. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ham o‘z fikrlarini bildirdi.
– O‘zbek kinosi haqida gap ketganda, 1925-yilda «Sharq yulduzi» nomi bilan faoliyat boshlagan, keyinchalik «O‘zbekfilm» nomi bilan tanilgan kinostudiya ko‘z oldimizda gavdalanadi, – dedi Jahongir Ahmedov. – Bu nafaqat kinostudiya, balki O‘zbekistonning jahon kino olamida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lishiga xizmat qilgan ulkan ijodiy maktabdir. Kino sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishda bugungidek tadbirlarning ahamiyati beqiyos.
Darhaqiqat, milliy kinoning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida boy ijodiy merosni asrab-avaylash, uni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir dasturining keyingi qismi “The Hollywood Reporter” nashri bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Chaplin Awards” mukofotini topshirish marosimi bo‘ldi.
[gallery-32141]
Kiara Chaplin rossiyalik aktrisa Leonela Manturovaga tarixiy kinolardagi kuchli ayol obrazlarini mahorat bilan gavdalantirgani uchun «Oltin hassa» (Golden Cane) mukofotini topshirdi. Shuningdek, o‘zbek kinorejissyori Shuxrat Abbosov kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun vafotidan so‘ng taqdirlandi. Mukofotni rejissyor nomidan uning o‘g‘li Eljon Abbosov qabul qilib oldi.
– Otamiz yoshligidanoq Charli Chaplin filmlarini katta qiziqish bilan tomosha qilgani bizga ma’lum, – dedi Eljon Abbosov. – Har ikki ijodkor filmlarida odamiylik va insonparvarlik g‘oyalari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu mukofot nafaqat oilamiz, balki O‘zbekiston kino san’atining xalqaro miqyosda e’tirof etilishi hamdir.
Shuhrat Abbosov va Charli Chaplin ijodini birlashtiruvchi jihatlardan biri — inson taqdiriga e’tibor, odamiylik va hayotni samimiy tasvirlashga intilishdir. Ularning ijodiy yo‘li va badiiy ifoda usullari turlicha bo‘lsa-da, insonni anglashga qaratilgan g‘oyalar har ikki ijodkor merosida muhim o‘rin tutadi.
Kino sanoatiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun “The Hollywood Reporter” tahririyati Boris Xanchalyanni Featured Producer maqomi («E’tirof etilgan prodyuser») bilan e’tirof etdi.
Tadbirning yakuniy qismida tomoshabinlarga 2025-yilda O‘zbekistonda premerasi bo‘lib o‘tgan «Haqqim bor» («Haqqim bor») filmi namoyish etildi.
Kinoasarda zo‘ravonlikka duch kelgan bolalarning orzu-intilishlari, ichki kechinmalari va jamiyatda o‘z o‘rnini topishga bo‘lgan intilishi nozik tasvirlangan.
Dasturning yana bir muhim yo‘nalishi kino namoyishlari va ijodkorlar bilan uchrashuvlardan iborat bo‘ldi. Jahon kinosi namunalarining namoyish etilishi, mahalliy va xorijlik mutaxassislar bilan muloqotlar ishtirokchilar uchun tajriba almashish va yangi ijodiy aloqalar o‘rnatish imkonini yaratdi.
24-oktabr kuni esa poytaxtda «Golden Globes Silk Road Tribute Gala» tantanali marosimi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari