“Toshkent IEM” filialida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bugungi kunda sanoat korxonalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, aholi zich joylashgan hududlarda faoliyat yurituvchi korxonalar uchun bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, “Toshkent IEM” filiali o‘z faoliyatini ekologik talablarga mos ravishda tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nargis Valiyeva O‘zA muxbiriga quyidagicha ma’lumot berdi:
– “Toshkent IEM” filiali Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan bo‘lib, aholi zich hududda faoliyat yuritishini inobatga olgan holda, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab kelmoqda.
Korxonada atmosfera havosini muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etish hamda “yashil” energetikani rivojlantirishni qamrab olgan kompleks ekologik boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonaning asosiy yoqilg‘isi - tabiiy gaz bo‘lib, mazutdan foydalanish umuman ko‘zda tutilmagan va u hech qanday rejimda, jumladan zaxira holatda ham qo‘llanilmaydi. Bu esa atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini keskin kamaytiradi va ularning belgilangan me’yorlardan ancha past darajada bo‘lishini ta’minlaydi. Yoqilg‘i qo‘shimcha ravishda mexanik filtrlarda tozalanadi, tashlamalar esa doimiy ravishda nazorat ostida olib boriladi.
Atmosfera havosini monitoring qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirgi kunda asosiy manbalarda 4 ta avtomatik monitoring tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan bittasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining situatsion markaziga integratsiya qilingan, qolganlari bo‘yicha integratsiya ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, korxona hududida o‘rnatilgan statsionar ekopost atmosfera havosining fon holatini, asosiy ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasini va meteorologik ko‘rsatkichlarni uzluksiz monitoring qiladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishida lokal tozalash inshootlari joriy etilgan bo‘lib, korxonadan chiqarilayotgan oqova suvlar Salar kanaliga tashlanishidan oldin 15 ta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha nazoratdan o‘tkaziladi va belgilangan ekologik me’yorlarga to‘liq mos holda qaytariladi.
Energiya samaradorligini oshirish va uglerod izini kamaytirish maqsadida korxonada umumiy quvvati 530,6 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari joriy etilgan. Mazkur loyihalar natijasida yiliga qariyb 251 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinmoqda. Bu esa atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Chiqindilarni boshqarish tizimi zamonaviy ekologik talablar asosida tashkil etilgan. Korxonada chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xavfli chiqindilar uchun maxsus saqlash maydonlari tashkil etilgan hamda ularni utilizatsiya qilish litsenziyaga ega tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham tizimli ravishda olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxona hududining 30 foizdan ortig‘i ko‘kalamzorlashtirilgan. So‘nggi 5 yil davomida 16 mingdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, ularning barchasi raqamlashtirilgan, sug‘orish tizimlari bilan ta’minlangan va doimiy parvarish qilinmoqda.
Bundan tashqari, korxona xodimlari tashabbusi bilan mahallalarda ham 2 mingdan ortiq daraxt ekilib, hududlarning ekologik holatini yaxshilashga munosib hissa qo‘shilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi chora-tadbirlar natijasida korxonada ekologik yuklama izchil kamaytirilib, ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligi hamda ekologik xavfsizligi ta’minlanmoqda. “Toshkent IEM” filiali o‘z faoliyatida zamonaviy ekologik standartlarga rioya etgan holda, barqaror rivojlanish tamoyillarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.