Ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida yurtimiz yoshlari ko‘plab nufuzli oliy ta’lim muassasalarining talabasiga aylanmoqda, turli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYUU)talabalari xalqaro huquq bo‘yicha tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, xalqaro huquq, inson huquqlari, savdo va investitsiyalar kabi sohalarda kuchli bilim va tahlil qobiliyatlarini namoyish etdi.
Universitetning “TSUL Jessup” jamoasi “Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition” musobaqasining xalqaro bosqichlari umumiy raundlarida Hindiston, Italiya, Bangladesh va Venesuelaning yetakchi universitetlaridan ustun keldi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, “Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition” sud jarayonlari bo‘yicha 1960 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan dunyodagi eng katta xalqaro tanlovlardan biri bo‘lib, unda 100 ta mamlakatdan huquqshunoslik yo‘nalishidagi 700 ga yaqin ta’lim muassasasi g‘oliblik uchun bellashadi. BMT Xalqaro sudida ikki mamlakat o‘rtasidagi nizo simulyatsiyasi tarzida ingliz tilida o‘tkaziladigan bahslarda 2000 nafarga yaqin talaba ishtirok etadi.
Joriy yilda AQSHning Vashington shahrida o‘tkazilgan musobaqaning hal qiluvchi bosqichida O‘zbekiston jamoasi Xitoyning Pekin universiteti, Avstraliyaning Sidney universiteti, AQSHning Virjiniya universiteti jamoalarini mag‘lub etib, 160 dan ortiq jamoa orqasida kuchli sakkizlikdan joy oldi.
Bu nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk yuksak natijadir.
Bu muvaffaqiyatlar talabalarning professional ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish va ularning xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Xalqaro huquq bo‘yicha tanlovlarda qatnashish talabalarga nafaqat bilimlarini boyitish, balki malakali amaliyot va tajribaga ega bo‘lish imkoniyatini ham yaratdi.
Bunda Javohir Miraliyev, Muhammadali Rahmonov, Nasiba Mirzahamdamova, Anisa Abdulhayeva va Bahriddin Sultonovdan iborat TDYUU jamoasi xalqaro musobaqaning chorak finaliga chiqqan Markaziy Osiyodagi ilk jamoa bo‘ldi.

Bundan tashqari, xalqaro musobaqada “TSUL Jessup” jamoasi yana ikkita mukofotni qo‘lga kiritdi: “Alona E. Avans Award” – global raundlarda 9-o‘rin (161 jamoa orasida); “M. Cherif Bassiouni Award” – barcha yurisdiksiyalar orasida 9-o‘rin (805 jamoa orasida)ni egalladi.
Bundan tashqari, TDYUUning yana bir jamoasi Nyu Yorkdagi Xalqaro nizolarning oldini olish va hal qilish xalqaro instituti tomonidan Braziliyaning San-Paulu shahrida o‘tkazilgan CPR Xalqaro mediatsiya musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Dunyoning yetakchi 700 dan ortiq universiteti jamoalari orasidan saralab olinganlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada TDYUU jamoasi mediatsiya jarayonida muzokara yuritish, nizolarni hal etish bo‘yicha ko‘nikmalarini namoyish etdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori Otabek Narziyev murabbiyligida Sarvarxon Nosirxonov, Madinabonu Abdulazizova va Roziyaxon Qo‘chqorovadan iborat TDYUU jamoasi ilk ishtirokdayoq nufuzli xalqaro musobaqaning g‘olibi bo‘ldi. Jamoa a’zosi R.Qo‘chqorova esa “Eng yaxshi mediator” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi.
Joriy yilda universitet talabalari tomonidan yana bir ajoyib natija qayd etildi. Qozog‘iston Respublikasining Maqsut Narikbayev universitetida o‘tkazilgan “Legal English Competition - 2025” xalqaro musobaqasida TDYUU g‘olib bo‘ldi. Yuridik ingliz tili bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda TDYUU jamoasi Rossiya, Hindiston, Bangladesh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning nufuzli universitetlari jamoalaridan ustun keldi.
Mana shunday g‘oliblar, xalqaro musobaqalarda faol qatnashgan talabalar universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA