“Toshkent bahori” VIII Xalqaro opera va balet festivali boshlandi
Shu kunlarda poytaxtimiz yana jahon musiqa san’ati markaziga aylandi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri sahnasida «Toshkent bahori» VIII Xalqaro opera va balet festivali bo‘lib o‘tayapti.
Nufuzli festival dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar, dirijyorlar va ijrochilarni birlashtirgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Festivalning ochilishi san’at, do‘stlik, go‘zallik bayramiga aylanib ketdi. Hamyurtlarimiz va xorijiy mehmonlar italiyalik bir guruh mashhur opera ijrochilarining san’atidan bahramand bo‘ldi.

Teatrga tutash bo‘lgan fayzli favvorali so‘lim xiyobon ochiq osmon ostidagi ulkan tomosha maydoniga aylandi. Betakror gala-konset opera san’atining beqiyos jozibasi, go‘zal ohanglar, jahondagi mashhur opera namunalarini tinglashga muvaffaq bo‘ldi.
Gala-konsertda La Scala, Arena di Verona, Metropolitan Opera, Teatro Massimo va Teatro Regio sahnalarida ijod qilayotgan mashhur san’atkorlar ishtirok etdi. Dario Di Viyetri, Jiovanni Sala, Dizire Rankatore, Deyv Monako, Francheska Dotto, Emanuele Kordaro, Alberto Gazale, Juzeppe Toia, Tereza Iervolino kabi mashhur opera yulduzlarining ijrosi opera muxlislarida unutilmas taassurot uyg‘otishi bilan birga qalblarni zavq va hayajonga to‘ldirdi.

Garchi operalar ko‘pincha italyan, fransuz yoki nemis, ingliz tillarida kuylansa-da, uni tushunish uchun til bilish shart emas. Inson ovozining tembri, musiqaning dinamikasi va ijrochilarning his-tuyg‘ulari mehr-muhabbat, nafrat, xiyonat, quvonch va qayg‘uni tilsiz ham yurakka yetkazib beradi. Musiqa — qalb tiliga aylanadi.
Opera san’atidagi nodir durdona asarlar, jumladan, «Traviata», «Toska», «Rigoletto» kabi asarlar yuzlab yillardan beri yashab kelmoqda. Ulardagi mavzular insoniy munosabatlar, muhabbat va fojialar bugungi kunda ham dolzarb. Har bir ijrochi bu klassik obrazlarga yangicha nafas va hayot bag‘ishlaydi.
Opera inson qalbini tozalaydigan va uni yuqori hissiyotlar darajasiga ko‘taradigan jonli mo‘’jiza bo‘lgani sababli ham ushbu san’at mamlakatimizda yuksak qadrlanadi.
Aytish kerakki, opera san’ati bayramiga aylanib ketgan katta konsert dasturi jonli ijro, sahna energiyasi va san’at bayrami muhitini yarata oldi. 24-mayga qadar davom etadigan ushbu nufuzli xalqaro festival doirasida jahon klassik merosining durdonalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
“Toshkent bahori” festivali yuksak san’at bayrami bo‘lib, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi hamda poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga unutilmas taassurotlar tuhfa etayapti.
Nazokat Usmonova, O‘zA