To‘rtinchi milliy dastur ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish tabiatni asrashga xizmat qiladi
Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va aholining o‘sishi suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishiga, atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Bu jarayonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ilmiy yondashuvlar va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitalari tomonidan o‘tkazilgan “Suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish — milliy yuksalishning muhim sharti” mavzusidagi tadbirda shular xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz davlatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davriga aylantirish va inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dasturni ilgari surdi. Jumladan, to‘rtinchi milliy dasturda eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lgan suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan.

Qayd etilganidek, kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish umummilliy marra sifatida belgilandi. “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlarni jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilish belgilandi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazish vazifasi ham qo‘yildi.
Bu esa suv resurslarini asrash, ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlarni ko‘paytirish va eng muhimi, jamiyatda tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, ushbu to‘rtinchi milliy dasturning ahamiyati hamda mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, bu jarayonda Jamoatchilik kengashlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi hamda bu boradagi vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova, O‘zA