To‘rt yillik faoliyat sarhisobi va qabul rejalari
Urganch davlat pedagogika institutining 4 yillik faoliyati yakunlari hamda 2026-2027 o‘quv yili qabul jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rahbariyati, 40 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda institut rektori vazifasini bajaruvchisi Diyorjon Abdullayev o‘tgan davr mobaynida ilmiy, o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy hamda moliya-xo‘jalik yo‘nalishlarida amalga oshirilgan qator yirik loyihalar haqida ma’lumot berdi.
– Oliy ta’lim muassasamiz 2022-yil 21-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugun o‘zining 4 yillik faoliyatini nishonlamoqda, – deydi Diyorjon Abdullayev. – Hozirda UrDPIda 5 fakultet: Pedagogika, Aniq va tabiiy fanlar, Filologiya, Ijtimoiy va amaliy fanlar hamda Boshlang‘ich ta’lim fakultetlarida 9000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, 15 ta kafedrada jami 205 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatib, ulardan 86 nafari ilmiy daraja, 45 nafari professor va dotsent ilmiy unvoniga ega. Institutda hozirgi kunda 19 ta ta’lim yo‘nalishi va 16 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Anjumanda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Umarjon Xo‘jamuratov hamda 2026-2027 o‘quv yili “Qabul komissiyasi” mas’ul kotibi San’at Xudayberganov ham ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar tomonidan istiqboldagi rejalar hamda yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga oid savollarga batafsil javob berdi.
Matbuot anjumani yakunida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Urganch davlat pedagogika instituti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh OAV vakillariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari