To‘rt mamlakat xusiylarning Ar-Riyodga uyushtirgan hujumini qoraladi
Turkiya, Pokiston, Misr va Saudiya Arabistoni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi taxmin qilinadigan xusiylarning Ar-Riyod xalqaro aeroportiga uyushtirgan hujumini keskin qoralab, ushbu harakatni hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydigan xavfli eskalatsiya deya baholadi.
Saudiya rasmiylariga ko‘ra, 13 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 300 dan ko‘p odam jarohatlangan avvalgi hujumdan so‘ng yakshanba kuni aeroportga yana bir zarba berilgan. Oqibatda bir kishi halok bo‘lib, o‘nga yaqin fuqaro tan jarohati olgan. R4 nomi bilan tanilgan mintaqaviy davlatlar guruhi Saudiya Arabistoni bilan yakdil ekanini bildirib, mamlakatning tahdidni qaytarish, hujumning oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi barcha qonuniy chora-tadbirlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
To‘rtlik tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda xusiylar mintaqaviy va xalqaro vaziyatga xavf soluvchi hujumlar oqibati uchun to‘liq javobgarligi aytilib, zarbalarni zudlik bilan va hech qanday shartsiz to‘xtatish talab qilingan.
Avgust oyida NATO a’zosi Turkiya va yadroviy qurolga ega Pokiston Saudiya bilan mudofaa shartnomasi imzolagan. Kelishuvga ko‘ra, tomonlardan biriga qilingan hujum barchaga tajovuz sifatida baholanadi. O‘tgan hafta ushbu davlatlar jamoaviy mudofaa majburiyatini ishga solish hamda xusiylar hujumi sharoitida Saudiyaga kuch va imkoniyatni jadal joylashtirish bo‘yicha kelishib olgan.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anqara Saudiyaga qanday yordam berishi mumkinligi baholanayotgani, qo‘shin yuborish va hujumkor amaliyotda qatnashish istisno qilinganini bildirib, asosan himoya va texnik ko‘mak ko‘rsatilishi rejalashtirilganini aytdi. Ar-Riyod bilan hamkorlik hozirgacha ikki tomonlama asosda kechmoqda, chunki uch tomonlama mudofaa shartnomasi hali qardosh mamlakat parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinmagan.
NATO tarkibida ikkinchi yirik armiyaga, rivojlangan mudofaa sanoatiga ega Turkiya Saudiyani harbiy texnika bilan ta’minlayapti. Shuningdek, Qizil dengizda kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha koalitsiyaga qo‘shilishga rozilik bergan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA