To‘raqo‘rg‘onning loy ko‘chalariga kim qaraydi?
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari rahbarlarining asosiy vazifasi xalqimizni ertaga emas, bugun hayotidan mamnun bo‘lib yashashi va roziligini ta’minlashdan iborat.
Taassufki, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida hamma vaqt ham burch va mas’uliyat zimmaga olinmayotir. Mahalliy hokimiyat e’tiboridan chetda qolayotgan masalaga siyosiy partiyalardan biri e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Uyma-uy” loyihasi doirasidagi uchrashuvlardan birida xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Nosirjon Qozoqovga Olchin mahallasi aholisidan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha murojaat bo‘lgan edi.

Qayd etish kerakki, murojaatda dolzarb muammolardan biri ko‘tarilgan. Ya’ni, Olchin ko‘chalarida qor va yomg‘irli kunlarda umuman yurib bo‘lmaydi. Ayniqsa, o‘quvchilar maktabga borish-kelishga juda ham qiynalmoqda.
Murojaat ijrosiga tezlik bilan kirishgan deputat vaziyatni joyiga chiqib o‘rgandi. Mavjud muaamoni bartaraf etish yuzasidan tuman yo‘l-qurilish bo‘limi rahbariga deputatlik so‘rovi yuborgan edi. Shu kunlarda esa mahalla ko‘chalarini ta’mirlash boshlandi. Muhimi, deputatning o‘zi jarayonning borishi, ya’ni obodonchilik ishlarni shaxsan nazorat qilib turibdi.
Shu bir mulohaza: tuman hokimligi, hududga mas’ul sektor rahbari, obodonlashtirish va yo‘l-qurilish tashkilotlari mutasaddilari Olchin mahallasi misolidagi mavjud muammolarni hal etish choralariga qachon kirishadilar? Hududlar infratuzilmasini yaxshilashga birinchi galda, mahalliy boshqaruv idoralari mas’ul emasmi? Bu borada tegishli rahbarlardan amaliy natijalarni kutib qolamiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.