“To‘raqo‘rg‘on” IESda “yashil” energiya hajmi ortib bormoqda
“To‘raqo‘rg‘on” issiqlik elektr stansiyasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori stansiyada bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.
Xususan, bugungi kunda stansiyada 4,9 gektar maydonda qurilgan umumiy quvvati 4,5 MVtli quyosh fotoelektr stansiyasi samarali ishlamoqda. 2024 yil davomida 5,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 29 ming 677 xonadonning bir oylik elektr ehtiyojini qoplashga yetadi. Shu orqali 1,1 million metr kub tabiiy gaz tejaldi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedovning so‘ziga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-fevral oylarida stansiya 510,5 ming kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqargan.
–Bu 2 ming 760 xonadonning bir oylik ehtiyojiga teng bo‘lib, 102,1 ming metr kub tabiiy gaz tejalishiga zamin yaratdi. Stansiya ishchi-xodimlari ham qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishda faollik ko‘rsatmoqda. 2025 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 74 nafar xodim o‘z uylariga jami 307,8 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatdi. Tahlillarga ko‘ra, 3 kVt panellar o‘rnatganlar elektr iste’molining 70 foizini, 5 kVt panellar o‘rnatganlar esa 100 foizini quyosh energiyasi orqali qoplamoqda. 5 kVtdan yuqori panellarga ega bo‘lganlar esa ortiqcha energiyani tarmoqqa uzatib, qo‘shimcha daromad topmoqda, – dedi M.Bekmuhammedov.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA