To‘qsonbosti ekinlar – mo‘l hosil manbai
Yurtimizda shu kunlarda hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari avj pallada. Bu dehqon va fermer xo‘jaliklari uchun daromad manbai hisoblanadi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Bozorboshi MMTP hududidagi “Olimov Zufarjon bog‘i” fermer xo‘jaligi 10,6 gektarda shaftoli, o‘rik, bodom daraxtlarini parvarishlamoqda. Misol uchun 1 ming 80 tup shaftolining “Lola-1” navi, 830 tup o‘rikning “Sufxoni” va bodomning “Toshkent” navidan mo‘l hosil yig‘ib olinmoqda. Daraxt qator oralariga takroriy ekinlar, achchiq qalampir va sabzi ekilgan. Shuningdek, to‘qsonbosti usulida 2 gektar ismaloq, 1,5 gektar kashnich, 2 gektarga ukrop, sarimsoqpiyoz hamda 4,4 gektarga qulupnay parvarishlanmoqda.
Mazkur xo‘jalikda qo‘llab kelinayotgan omilkorlik sirlarini va tajribasini ommalashtirish maqsadida yer egalari uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda 2024 yil hosili uchun bog‘-tok qator oralariga to‘qsonbosti ekinlarini ekish, kuzgi shudgorlash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, dala chetlariga ko‘chat ekish, ichki ariq-zovurlarni tozalash masalalari muhokama qilindi.
Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Tursunov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Haitov, tumanning 4 ta sektor rahbarlari, tuman hokimiyati, tegishli tashkilotlar mahalla raislari, fermerlar ishtirok etdi.
O‘tkazilgan seminarda bog‘, sabzavot, tutchilik va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga ob-havoning qulayligidan foydalangan holda, to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, bog‘ qator oralariga kuzgi ekinlarni ekishni tashkil qilish, dala chetlariga uzum ko‘chatlari hamda tut ko‘chatlari ekish bo‘yicha tushunchalar berildi.
So‘ngra O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A,Haitov Uchko‘prik, Buvayda, Rishton tumanlarida bo‘lib, sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari va fermerlar bilan uchrashdi. 2024 yil hosili uchun bog‘ - toklarni shudgorlash, tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib ekinlarni oqilona joylashtirish, bog‘ va tokzorlar oralariga to‘qsonbosti ekinlarini ekish borasida bir qator masalalar yuzasidan kelishib olindi.
N.Bozorova, O‘zA muxbiri