To‘qimachilik sanoatiga bo‘lgan e’tibor o‘z samarasini ko‘rsatmoqda (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasterida paxtaning yangi navlarini yaratish, ularni ilmiy tajribadan o‘tkazish va sifatli urug‘ tayyorlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, korxona qishloq xo‘jaligi yerlariga dronlar yordamida zamonaviy agrotexnik xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
Klaster qoshida faoliyat yuritayotgan “Nigora” fabrikasi “Shoyigul” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarmoqda. Korxona yurtimizda yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalangan holda faoliyati orqali keng mavqega ega bo‘lib bormoqda. Davlat tashrifi bilan joriy yil mart oyida mamlakatimizda bo‘lgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda aprel oyida amaliy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida mazkur klaster qoshidagi “Nigora” fabrikasiga tashrif buyurgan edi.
– Bugungi kunda korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qo‘shni davlatlar hamda Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda, – deydi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev. – Korxonamiz 1993-yilda tashkil topgan. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga, shu jumladan, to‘qimachilik sanoatiga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgardi. 2018-yilda Prezidentimiz paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil qilish ilmiy konsepsiyasini e’lon qilganlarida, juda ko‘p yurtdoshlarimiz qatori men ham O‘zbekiston sharoitida paxta yetishtirishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan texnologik kompleksni tashkil qilishning imkoniyati bo‘lmasa kerak, degan fikrda edim.
Mana, bugun Prezidentimiz tomonidan qaratilgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Biz juda ko‘p Yevropa mamlakatlari, Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat safarlarida bo‘lamiz. Ko‘pchilik hamkorlarimiz ilk uchrashuvimizda O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari, jumladan, to‘qimachilik sohasidagi salohiyatidan unchalik xabardor emas edi. Bugun esa, O‘zbekiston mahsulotlari o‘z sifati bilan dunyo davlatlariga kirib bormoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston ishlab chiqarish salohiyati, bu jarayonda insonga bo‘lgan munosabat, texnologik jihatdan ham yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Biz yaqin-yaqingacha eng go‘zal, bejirim ko‘ylaklarni Italiya yoki boshqa davlatlardan import qilganmiz. Bugun O‘zbekiston mahsulotlarini Germaniya va Italiyaning brendlari, shartnomalari hamda buyurtmalari asosida hamkorlarimizga yetkazmoqdamiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_tzls35fRNc?si=TWn3i9uNZHCTLp3Y" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqub MELIBOEV (video),
O‘zA