21 noyabr — Butunjahon televideniye kuni
Insonning turli neʼmatlarga boʻlgan ishtiyoqi kabi axborot olishga ham ehtiyoji mavjud. Ayniqsa bugungi texnologik taraqqiyot davrida maʼlumotlar olishdan uzilish goʻyo hayotda yolgʻizlatib qoʻyilgan bilan barobar boʻlib qolmoqda. Bugun yo siz axborotni qidira boshlaysiz yoki axborot sizni qidirib topadi.
Garchi internet vositalari ongimizni qamrab olayotgan boʻlsa-da, televideniyesiz hayotni tasavvur etish qiyin. Televideniye tarixi esa deyarli bir asrga teng. Shu bois 1996-yilda Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi ilk marotaba Butunjahon televizion forumini tashkil etish haqida qaror qilib, tadbir oʻtkazilgan sana 21-noyabrni “Xalqaro televideniye kuni” deb eʼlon qildi.
Garchi dunyoning koʻpgina mamlakatlaridagi soha vakillari bu kunni bayram sifatida nishonlasa-da, boshqa barcha ayyomlar kabi shu kuni ham ular javlon urib ishlaydilar.
Darvoqe, koʻplab manbalarda televizorning vatani deya poytaxtimiz Toshkent eʼtirof etilgan. Elektron televideniye tizimi 1928-yilda toshkentlik ikki kashfiyotchi B.Grabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan yaratilgan. Tajriba sifatida qoʻllanilgan ilk televizion uskuna oʻsha paytda “telefot” deb nomlangan. Bugun esa axborot uzatish tarmoqlari takomillashdi. Telekanallar yangilik va turli hodisalarni yoritishda raqobatda ilgʻorlashmoqda. Umuman, bugun televideniyening jamiyatdagi maʼnaviy oʻrni, maqsadlari xususida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan soha mutaxasislarining fikrlari bilan qiziqdik.

Vohid Luqmonov, “Madaniyat va maʻrifat” telekanali direktori:
– Televizor insoniyat tarixidagi eng muhim kashfiyotlardan biri, desak, yanglishmaymiz. Televideniye ommaviy axborot vositasi sifatida, qariyb 90 yildirki, taʼsir doirasining yuqoriligi, tezkorligi, tarqalish hududining kengligi bilan peshqadam boʻlib keladi.
67 yillik tarixga ega Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, u qaysi davrda boʻlmasin, xalqimizning maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutgani shubhasiz.
Bugun Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida 26 tele va 16 radiokanal faoliyat koʻrsatmoqda. Telekanallarning toʻliq raqamli formatga oʻtishi koʻrsatuvlar sifatini tubdan oʻzgartirdi.
Yuksak salohiyatli ijodiy jamoaga, yuqori televizion texnologiyalar va katta tajribaga ega MTRK oilasining aʼzosi oʻlaroq “Madaniyat va maʻrifat” telekanali ham jamiyatda oʻz oʻrnini topgan.
“Madaniyat va maʻrifat” telekanali yuksak badiiy salohiyatga ega koʻrsatuvlar tayyorlash, yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyish, jonli efirlar sonini oshirish, turli interfaol usullardan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali tomoshabin qalbiga yoʻl topishga intilmoqda. Barcha viloyatlarda, yaqin qoʻshni davlatlarda “Madaniyat va maʻrifat” telekanalining oʻz muxlislari borligi bizni quvontiradi va yanada sidqidildan ishlashga, ijod qilishga undaydi.
Internet TV anʼanaviy televideniyeni ortda qoldirishga harakat qilayotgan, bosma ommaviy axborot vositalarining faoliyati keskin qisqarib borayotgan, ijtimoiy tarmoqlar anʼanaviy jurnalistika oʻrniga daʼvogarlik qilayotgan bir paytda olomon istagi ortidan ergashish kerakmi yoki yuksak milliy-maʼnaviy talablar asosida tomoshabin eʼtibori uchun kurashish kerakmi, degan jiddiy savol paydo boʻladi.
Shu oʻrinda eʼtirof etish kerakki, yillar davomida har bir xonadonga ezgu tilaklar bilan kirib borgan, oʻz koʻrsatuvlari, eshittirishlari orqali milliy maʼnaviyatimizni asrab-avaylashga, yanada yuksaltirishga katta hissa qoʻshgan oʻzbek televideniyesi bugun ham oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan bajarib kelmoqda.
Gʻofir Jamolov, “Dunyo boʻylab” telekanali bosh muharriri:

– Bugun internet rivojlanib, qoʻlimizdagi uyali telefon orqali nafaqat xabarlarni oʻqish, balki biror favqulodda voqea yoki koʻpchilikni qiziqtirgan mavzularda videolavhalarni koʻrish odatiy holga aylanib qolgan boʻlsa-da, har bir jamiyatda anʼanaviy televideniyening oʻrni va roli bor va boʻladi ham. Boisi, har bir jarayon yoki holatni yoritish, u yoki bu hodisa, voqea haqida tomoshabinga haqqoniy, toʻlaqonli va tahliliy maʼlumotlarni televideniye yetkazadi.
Bunda albatta, maʼnaviy omil muhim oʻrin tutadi. Chunki, telekoʻrsatuvlarda koʻtarilayotgan mavzular har qaysi jamiyatda yashayotgan xalq va millatning qadriyati, huquqi, erki, shaʼni, eʼtiqodi, urf-odat va anʼanalarini hurmat qilgan holda yoritiladi. Tabiiyki, bu jarayonda aholi, ayniqsa yoshlarning maʼnaviy, axloqiy, tarbiyaviy jihatlariga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratiladi.
Yana bir muhim jihat. Bugun mamlakatimizda kechayotgan olamshumul oʻzgarishlar, bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari, islohotlar, yuksalish, rivojlanish, farovon hayot, bir soʻz bilan aytganda, taraqqiyotga erishish odimlarini televideniyechalik boshqa ommaviy axborot vositalari toʻlaqonli yoritib berishi mushkul. Demak, TV boʻlgan, bor va bundan keyin ham boʻladi.
Bugun tomoshabinda tanlov imkoniyati katta. Axborot olish, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy mavzulardagi koʻrsatuvlar yoki koʻngilochar dasturlar, kino, seriallarni tomosha qilishi uchun davlat va nodavlat kanallari rang-barang dasturlarni taqdim etmoqda.
Oʻzim faoliyat yuritayotgan “Dunyo boʻylab” telekanali haqida toʻxtaladigan boʻlsam, hamkasblarimiz, barcha ijodiy-texnik xodimlar zamon bilan hamnafas boʻlish, talabchan va nozik didli tomoshabinga manzur boʻladigan dasturlar tayyorlashmoqda. 24 soat davomida rus tilida efir olib boruvchi mamlakatdagi yagona telekanalimizda turizm, ekologiya, goʻzal va betakror tabiatimiz, yurtimizda istiqomat qilayotgan 130dan ziyod millat va elat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar koʻrsatuvlarimizning bosh mavzusi hisoblanadi.
Ijodkorlarimizning poytaxtimiz va respublikamizning turli hududlarida oʻtkazilayotgan xalqaro anjumanlar, festival va bayram tadbirlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri efirga chiqishi, eng muhim yangiliklarni birinchilardan boʻlib tomoshabinlarga yetkazishiga oddiy ish jarayoni sifatida qaralmoqda.

– Televideniye faoliyati yoʻlga qoʻyilganiga 100-yildan oshdi. Bu vaqt mobaynida mazkur soha shu qadar taraqqiy etib bordiki, chin maʼnoda axborot maydonining yadrosiga aylandi, – deydi “Nurafshon” telekanali direktori Olimjon Begaliyev. – Dunyoda axborot hujumi, xuruji kabi jumlalar paydo boʻldi. Bugun televideniye xodimlari kirib bormagan soha, manzil-u, makon qolmadi hisob. Avvalo unutmaslik lozimki, televideniye taʼlim, tarbiya, maʼnaviyat, maʼrifat oʻchogʻi boʻlish barobarida mamlakatning iqtisodiy masalalariga bevosita taʼsir etuvchi muhim kuch hamdir.
Zohid Karimov, “Sport” telekanali direktori:
– Televideniye madaniy-maʼnaviy hayotimiz koʻzgusidir. Axborot almashinuvi tobora global ahamiyat kasb etayotgan bir paytda kundalik hayotimizni uning tezkor, ommabop va jozibador axborotlarisiz, muhim maʼlumotlarisiz tasavvur eta olmaymiz.

Ijtimoiy tarmoq imkoniyatlari televideniyening ham imkoniyatlarini, auditoriyasini hamda qamrovini bir necha barobarga kengaytirib yubordi. Tasvir va ovoz uygʻunligidagi audiovizual reallik hayotimizdan chuqurroq oʻrin olmoqda. Ayni paytda sport olamiga daxldor mahalliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlarga oid eng sara yangiliklarni, musobaqa va bellashuvlar sharhi, tahlilini OʻzMTRKning “Sport” telekanali orqali tezkorlik bilan namoyish etishdan gʻurur tuyamiz. Xususan, bu borada koʻpsonli texnik va ijodiy xodimlarimizning tunu kun mehnat qilmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV, OʻzA