Tomorqasini obod qilgan kam boʻlmaydi
Jangketmon mahallasi raisi taʼsirli bir voqeani aytib qoldi.
Jangketmon mahallasi raisi taʼsirli bir voqeani aytib qoldi. Aytishicha, hamqishloqlari tomorqasiga arzimas haq evaziga kimyoviy dori sepib yuradigan 46 yoshli mahalladoshi 3 farzandi bilan kam taʼminlangan oilalar uchun ajratilgan nafaqa hisobiga nochor kun kechirardi. Ajriq bosgan tomorqasiga qarashga esa hushi yoʻq edi.
Tadbirkor mahalladoshlari bu oila tomorqasiga 6 sotixli issiqxona qurib bergach, bir yilda qoramol sotib oldi, ikkinchi yili chala qolgan qurilishlarini bitkazdi. Hozirgi kunda ushbu oila tomorqa daromadi evaziga qaddini tiklab oldi.
Fargʻona viloyati Furqat tumanining “Jangketmon” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi tomorqachilik va tadbirkorligi bilan mashhur. Bugun mahalladagi aksariyat aholining bodom koʻchatini yetishtirish, payvandlash borasida katta tajribasi bor. Bodomlari mevaga kirgan oilalar bir yilda oʻrtacha 25-30 million soʻm daromad olmoqda. Kartoshka, pomidor-bodring, limon, turli koʻkatlar yetishtirish hamda mebelchilik bilan shugʻullanish ham jangketmonlik oilalarning qoʻshimcha daromad manbai hisoblanadi.
Unsinoy Umaraliyeva 70 yoshda. Tinib-tinchimaydigan onaxon nabiralariga bosh boʻlib, tomorqadagi 6 sotix issiqxonada limon, pomidor, bodring yetishtiradi. Qishin-yozin tomorqadan koʻkat uzilmaydi. Unsinoy ayaning taʼkidlashicha, bu ham sogʻliq uchun foydali, ham qoʻshimcha daromad. Tomorqasidan yiliga 3-4 marotaba hosil oladigan oila aʼzolari hovlining bir chetida asalarichilik, bodom koʻchatlari yetishtirish faoliyatini ham yoʻlga qoʻygan.

Akmal Asqarov ham mirishkor tomorqachi. Shu kunlarda uning tomorqasidagi moʻjazgina issiqxonada karam, achchiq qalampir pishayapti. Issiqxonadagi limon keyingi yildan mevaga kiradi. Mahalladoshlari singari mazkur oila ham 10-12 tagacha qoramol boqadi. Roʻzgʻoridan orttirib, sut va goʻsht sotadi.
Tadbirkor Komiljon Joʻrayev ashaddiy futbol ishqibozi. 1998-yil futbol boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatini Fransiyaga borib koʻrib kelgach, “Eyfel-98” deb nomlangan umumiy ovqatlanish shoxobchasini qurdi. Alisher Tojiyev va Faxriddin Nurmatovlar qurgan tantanalar majmuasi, Karimjon Toʻychiyev tashabbusi bilan qad rostlagan shinam oshxona mahalladoshlar xizmatida.
– Ayni paytda 1 ming 162 oilada 4 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi “Jangketmon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Yusufjon Qoʻziyev. – Yaqinda olib borilgan oʻrganish ishlari natijasida oʻndan ortiq oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha vazifalar belgilandi. Bu borada ham tashabbus mahalladoshlarning oʻzidan chiqdi. Bu oilalarga mahalladoshlarning oʻzi yordam beradigan boʻldi. Shu yilning oʻzida ularning tomorqasini daromad manbaiga aylantirish chora-tadbirlari koʻriladi.
Jangketmonning oʻnta koʻchasini aylanib, bir qarich ham yer boʻsh turganini koʻrmaysiz. Odamlar hayoti toʻkis va farovon boʻlishi uchun astoydil mehnat qilayapti. Baʼzi qiynalib qolgan oilalarga ham oʻzlari yordam qoʻlini choʻzmoqda. Bu havas qilishga va barchaga ibrat qilib koʻrsatishga arziydi.
Xullas, jangketmonliklarning jaydari falsafasi shunday: tomorqada mehnat qilgan oila aslo kambagʻal boʻlmaydi.