Tomorqani xazinaga aylantirgan Olim bobo
Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ularning har bir nafasi, har bir qadami mehnat bilan uyg‘unlashgandir.
G‘allaorollik usta bog‘bon Olim bobo G‘aybullayev ana shunday fidoyi insonlardan biri.
Olim bobo uchun bog‘bonlik – nafaqat kasb, balki ota merosdir. U uzoq yillar “Muzbuloq” va “Zarbuloq” xo‘jaliklarida rahbarlik qildi. Mana yigirma yildan buyon esa o‘z tomorqasida qilgan mehnati orqali ro‘zg‘origa baraka kiritib kelmoqda.

Olim bobo xonadonida bo‘lgan kishi ajoyib, ko‘rkam bir maskanga tushib qolganday bo‘ladi: bir tarafda uzumzor, yana bir tarafda anorzor, yana bir tomonda esa anjirzor bo‘y ko‘rsatib turadi.Yana bir yonga qarasangiz, xilma-xil turdagi nihollardan iborat ko‘chatzorga ko‘zingiz tushadi.
Dona xalqimiz "Yerga mehr bersang, yer ham seni boqadi" deb bejizga aytmagan, – deydi Olim bobo . – Tomorqaga qilgan mehnatimiz sabab, kam bo‘lmadik. O‘n sakkiz kishidan iborat oilamizning to‘q, farovon hayot kechirishida ana shu tomorqamizning o‘rni katta. Bu yerda yetishtirilgan mevalardan sharbat, qiyom, meva qoqilari tayyorlaymiz.
Bu esa dasturxonimizning yanada to‘kin bo‘lishini ta’minlaydi.

Darhaqiqat, yetmish sotixdan iborat bu tomorqada erta bahordan to kech kuzgacha mevaning deyarli barcha turi navbati bilan pishib yetiladi. Bu yil bobo 1500 tup malinadan bir tonnaga yaqin hosil olgan, har kilogrammini 40 ming so‘mdan tadbirkorlarga sotgan. Malina yiliga ikki marta – may va sentyabr oylari oxirida hosil berishini hisobga olsak, boboning yaxshigina daromadga ega bo‘lganini taxmin qilish mumkin.
Olim boboning to‘ng‘ich o‘g‘li Keldibekning aytishicha, anor va anjir daraxtlari 20–25 yil avval ekilgan bo‘lib, har tupidan 75–80 kilogacha hosil olinar ekan. Hozirda bog‘da olti turdagi anor hamda to‘rt turdagi anjir navlari parvarish qilinmoqda.
– Ko‘chatchilik – xonadonimizning yana bir daromad manbai, – deydi boboning to‘ng‘ich o‘g‘li Keldibek G‘aybullayev. – "Rizamat", "Mersedes", "Husayni" kabi uzum navlarining ko‘chatlarini, shuningdek, oqmag‘iz yong‘oq, anjir, shaftoli va qantak o‘rik ko‘chatlarini yetishtirib, tadbirkorlarga sotamiz. Yaqinlar, qo‘shnilar, kam ta’minlangan oilalarga tekin tarqatamiz.
Darvoqe, oilaning kichik o‘g‘li Ulug‘bek “Asakabank”ning tuman filialidan “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali 17 million so‘m imtiyozli kredit olib, xonadondagi suv havzasida “Marinka” balig‘ini parvarishlashni yo‘lga qo‘yibdi. Yosh tadbirkor yangi yil arafasida ming tonnaga yaqin baliqni sotuvga chiqarishni rejalashtirayotgan ekan.
Tomorqani daromad manbaiga aylantirgan, mehnatsevar Olim aka oilasi a’zolari yiliga 200–250 million so‘m ishlab topmoqda. Shuning uchun aytasalar kerak: "Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik".
Abdujalol Qayumov, O‘zA