Sirdaryo viloyati Guliston tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 martdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va aholining tomorqadan samarali foydalanishiga erishish uchun imtiyozli kreditlar ajratish va bu orqali aholini ish va daromad manbai bilan ta’minlashni izchil davom ettirish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktor o‘rinbosari E.Bozorov, Sirdaryo viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi R.Primqulov va Jamg‘armaning viloyatdagi hududiy vakillari, viloyat Markaziy bank bosh boshqarmasi mutaxassislari, viloyat tijorat bank filiallari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, “Tomorqa xizmati” MCHJlarning rahbarlari, ilg‘or tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
Seminarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini keng miqyosda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, bunda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa maydonlarida bandligini ta’minlash va shu asnoda yangi ish o‘rinlarini yaratishda Kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘larini yo‘naltirish orqali imtiyozli kreditlar ajratish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv ochiq, samimiy va qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Unda kredit olishdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari to‘g‘risidagi masalalar yig‘ilganlar tomonidan keng muhokama qilindi. Mas’ullar tomonidan kredit rasmiylashtirilishi shartlari, mavjud tartiblar bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.
Seminar davomida Sirdaryo viloyatidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, shuningdek, «Tomorqa xizmati» MCHJlar tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 9 mlrd. so‘mlik kredit olish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ilhom Olimov,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va
tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash
jamg‘armasining Sirdaryo viloyati bo‘yicha hududiy vakili.
O‘zA