Tomorqadan boshlangan mehnat o‘quv markaziga boshladi
bugungi kunda tomorqa nafaqat oila a’zolarning ehtiyojlarini qondirish, balki qo‘shimcha daromad manbai hamdir. Undan samarali foydalanayotgan oilaning dasturxoni doimo to‘kin, turmushi farovon bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida ham tomorqa –koni foyda ekanini anglab yetgan dehqonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Anvar Ro‘zimbetovlar oilasi –ulardan biri. Oila 30 sotix tomorqada bir nechta ixcham issiqxonalar barpo etgan. Birida bodring hosili yig‘ilgandan keyin ikkinchi hosil uchun achchiq qalampir ekilsa, boshqasida limon ekilgan bo‘lib, daraxt oralariga bulg‘or qalampiri ekilgan. Boshqasi esa ko‘chat yetishtirishga mo‘ljallangan bo‘lib, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, karam nihollari tayyorlanmoqda.
Shu kunlarda ko‘chatxona hisobidan oilaning kunlik daromadi 300-500 ming atrofida bo‘lmoqda.
A. Ro‘zimbetovlar oilasi issiqxonada intensiv usulda baliq boqishni ham sinovdan o‘tkazmoqda.
– Kichik hovuzlardagi suvning issiq turishi natijasida bir yilda ikki marta, ya’ni ikki sotix yerda 10 tonnagacha baliq yetishtirish mumkin ekan, – deydi Anvar Ro‘zimbetov. – Bundan tashqari kichikroq joyda tajriba tariqasida biogomus o‘g‘itini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Ozroq ochiq yerimizda kartoshka, piyoz, karam, pomidor, baqlajon yetishtiramiz va bunda biogomusdan foydalanyapmiz.
Xonadonning oldi qismida so‘ritok usulida 20X5 sxemada 30 tup qora kishmish uzumlari hosilga kirgan. O‘rik, olma, gilos kabi mevali daraxtlar hosili oila dasturxonini to‘kin qilmoqda.
Shu tariqa oila a’zolari o‘z tomorqasida doimiy band bo‘lishi, ekinlarni ketma-ket ekib, hosil yig‘ishi evaziga o‘tgan yili sof foyda 150 million so‘mga yetdi.
Issiqxonada yetishtirilgan hosilni uzoqroq saqlash, boshqalarga ham xizmat ko‘rsatish maqsadida mahsulot saqlovchi muzlatgich ombori ham ishlab turibdi.
–Tomorqamizda olib borgan ishlarimiz natijasida juda ko‘p tajriba yig‘dik, –deydi A.Ro‘zimbetov.–Mo‘l hosil olish maqsadida olimlar bilan ko‘p bora suhbatlashib, maslahatlashib turaman. Ana shu bilimlarimni tomorqa bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarga ham o‘rgatishni maqsad qilib qo‘ygan edim. Yaqinda o‘quv markazi tashkil qildim. Tomorqachilikka qiziqadigan yoshlarga dehqonchilik sirlarini o‘rgatib kelmoqdaman.
Sen yerni boqsang, yer seni boqadi, naqli bejizga aytilmagan. Usta dehqon Anvar Ro‘zimbetov bunga faoliyati davomida o‘zi guvoh bo‘lmoqda. Kelgusida yerdan yanada unumli foydalanish maqsadida ko‘plab rejalar tuzmoqda. Takliflar bermoqda. Misol uchun, hozirda obodonlashtirish uchun mahalliy hokimiyatdan bir gektar olmoqchi. Uning 50 gektariga issiqxona barpo qilib, bodring, limon, qulupnay, qolgan qismida esa mevali ko‘chatlar yetishtirish maqsad qilingan.
Kaftdek tuproqdan ham hosil olish, bir qarich yerni ham bo‘sh qo‘ymaslik uchun issiqxona atrofiga pavloniya ko‘chatlari, issiqxonada yiliga to‘rt marta hosil olish mo‘ljallanmoqda. Albatta, baliq va biogomus yetishtirishni rivojlantirish bilan bir vaqtda asalarichilikka ham e’tibor berish mo‘ljallanmoqda.
Zero, bugun «Olma pish, og‘zimga tush» qabilida kun kechiradigan payt emas. Bir parcha yerimiz bo‘lsa ham, unga ko‘proq foyda keltiradigan, mo‘l va xaridorgir hosil beradigan ekin ekish zarur. Bu borada dehqonlarga nimaiki yordam kerak bo‘lsa, barchasi muhayyo etilyapti.
Umirzoq Rahmatov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili